Barcha murojaatlarga davlat tilida javob beriladi
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan 2021 yil 9 iyul kuni davlat tiliga oid qonun hujjatlariga amal qilish holatiga bag‘ishlangan videokonferensiya shaklida uchrashuv-seminar o‘tkazildi.
Tadbirda Vazirlik markaziy apparati boshqarma va bo‘limlari rahbarlari, tizimdagi aksiyadorlik jamiyatlari, kompaniyalari, korxona, tashkilot va muassasalar vakillari ishtirok etdi.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi N.Abdullayev Vazirlik hamda uning tizim tashkilotlarida davlat tilida ish yuritish holati, amalga oshirilayotgan ishlar, ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ma’lumot berib o‘tdi.
Uchrashuv-seminarda Vazirlar Mahkamasining Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri o‘rinbosari Sh.Musayev tomonidan 2021 yil 1 avgustga qadar barcha joy, ko‘cha, atamalar, tashkilotlarning nomlari, peshlavhalar, ommaviy targ‘ibot vositalari, reklama va e’lonlar, shuningdek, ish qog‘ozlari va turli blanklarni lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida bo‘lishini ta’minlash bo‘yicha tushuntirishlar berildi.

Jumladan, ish qog‘ozlari deganda tashkilot faoliyatiga oid chiquvchi xatlar, buyruq, farmoyish, ustxatlar va boshqa blanklar tushunilishiga aniqlik kiritildi.
O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat yurituvchi davlat tashkilotlari va korxonalari tomonidan yuborilgan xat qaysi tilda bo‘lishidan qat’i nazar, javob xati davlat tilida berilishi shartligi, bundan, chet davlatlar elchixonalari, xorijiy tashkilotlar vakolatxonalari mustasno ekanligi ta’kidlandi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 4 fevraldagi “Rahbar kadrlar va mas’ul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslarning davlat tilini bilish darajasini aniqlash va ularga davlat tilini bilish bo‘yicha daraja sertifikatini berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” gi qarori va unda belgilangan vazifalar, yuzaga kelayotgan muammolar haqida batafsil ma’lumotlar taqdim qilindi.
Bundan tashqari, “Davlat tili haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining Transport vazirligi tizimi, transport sohasi tashkilotlari hamda Sirdaryo viloyatida amalga oshirilishi holati quyidagi yo‘nalishlarda o‘rganilgani, mazkur qonun ijrosi jarayonida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchilik hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi qabul qilingani haqida to‘xtalib o‘tildi.
Uchrashuv-seminar ishtirokchilari davlat tilida ish yuritish, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich o‘tish, mas’ul lavozimlarga xodim qabul qilishda uning davlat tilini bilish darajasini belgilovchi sertifikatga ega bo‘lishi kabi turli yo‘nalishlarda o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar oldi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi