Barcha masalalar yechimida izchil hamkorlik zarur
Buxoroda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) AQSH Kongressi huzuridagi Xalqaro Respublika Instituti (IRI) bilan hamkorlikda “Mahalliy davlat xokimiyati organlari bilan hamkorlikni mustahkamlashda Ombudsman va fuqarolik jamiyati institutlarining roli” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Kotibiyati mudiri Saidbek Azimov kirish so‘zi bilan ochdi.Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda inson huquq va erkinliklarini himoya qilishga berilayotgan e’tibor o‘z navbatida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha joylardagi vakillari (ombudsman) faoliyatida ham o‘z aksini topmoqda. Buni Ombudsmanning Buxorodagi mintaqaviy vakili faoliyati misolida ham ko‘rish mumkin.
Ushbu mintaqaviy vakil, senator Abira Huseynovaning ta’kidlashicha, aholi tomonidan yuborilayotgan murojaatlarni ko‘rib chiqishda mahalliy hokimlik organlari, Xalq deputatlari, nodavlat-notijorat tashkilotlari va OAVlari bilan mustahkam hamkorlik o‘rnatilgan. Bu esa o‘z navbatida yechimini kutib qolgan muammolarni belgilangan muddatlarda hal qilish, inson huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 22 iyundagi “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” gi farmoni ushbu muhim masalaga yanada jiddiy yondashish zarurligini talab etmoqda. Buxorodagi 3 ta jazoni o‘tash muassasasi, 1 ta tergov hibsxonasida vaqti-vaqti bilan olib borilayotgan o‘rganishlar chog‘ida huquqbuzarlik holatlari aniqlanmoqda. Mahkumlar bilan yuzma-yuz suhbatlarda O‘zbekistonda o‘lim jazosining bekor qilinganligi yangilanayotgan Konstitutsiya darajasiga ko‘tarilganligi mamlakatimizda inson hayoti oliy qadriyat ekanligi to‘g‘risida batafsil ma’lumot berilmoqda. Ombudsmanning Buxorodagi mintaqaviy vakili tomonidan 156 nafar mahkum bilan muloqotga kirishilgan. Ular uchun yaratilgan sharoitlar o‘rganilib mavjud kamchiliklar bartaraf etilgan. Viloyatda inson huquq va manfaatlari himoyasi hududdagi jazoni o‘tash muassasalarida talab darajasida ekanligi e’tiborlidir.
Davra suhbatida Yangilanayotgan Konstitutsiyaning inson huquq va manfaatlari himoyasiga qaratilgan 12-bob 69-75-moddalari yuzasidan batafsil so‘z yuritildi. Xalqaro tashkilotlarning bir qator istiqbolli va insonparvar loyihalarida buxorolik soha xodimlari ham faol ishtirok etayotgani e’tirof etildi. Shuningdek, jazoni ijro etish muassasalarida o‘rnatilgan “Ombudsman qutilari” dagi mahkumlarning murojaatlariga ham alohida e’tibor qaratilayotgani, ushbu murojaatlar bilan tanishib chiqish va ijobiy hal etish vakolati faqat mintaqaviy vakil vakolatiga taalluqli ekanligi qayd etildi.
[gallery-11584]
– Bugun viloyatimizdagi nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlarining inson huquq va erkinliklarini ta’minlashda o‘zaro hamkorligi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, – deydi “Yuksalish” umummilliy harakati Buxoro viloyati bo‘linmasi rahbari Hamza Ro‘ziyev. – “Yuksalish” umummilliy harakatining asosiy maqsadlaridan biri bu — mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlardan (bu ijtimoiy, iqtisodiy sohalardagi islohotlar bo‘ladimi, inson huquq va erkinliklarini ta’minlashga qaratilgan islohotlar bo‘ladimi) barchani birdek xabardor qilish. Chekkaroq hududlardagi aholiga yetkazish. Shu bilan birga, ularning taklifini, muammolarini eshitadigan va muhokama qiladigan maydonni yaratib berish va shu orqali davlatga ishonchini mustahkamlashdan iborat. Faoliyatimiz davomida 50 dan ortiq hamkorlar bilan o‘zaro munosabatlar shakllantirilgan. Jumladan, xalqaro tashkilotlar, xalqaro nodavlat tashkilotlari, davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatilgan. Aynan inson huquq va erkinliklarini ta’minlashda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) bilan fuqarolar murojaatlarini o‘rganishda, joylarda fuqarolar bilan turli davra suhbatlari, uchrashuvlar o‘tkazilishida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Ayniqsa, viloyatdagi jazoni ijro etish muassasalari faoliyatini o‘rganish, shaxsga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz g‘ayriinsoniy yoki qadr qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini oldini olish maqsadida o‘tkazilayotgan doimiy monitoringlarda yaqin hamkorlikda ish olib boryapmiz. Monitoringlar jarayonida muassasalarda saqlanayotgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish holati, ularning oziq-ovqat ta’minoti, yaratilgan sharoitlar, jazoni ijro etish muassasalari qoshida tashkil etilgan sanoat ishlab chiqarish zonalarida (tikuvchilik, g‘isht ishlab chiqarish, marmarga ishlov berish, duradgorlik, chilangarlik kabi yo‘nalishlarda) yo‘lga qo‘yilgan sexlarda mehnat qilayotgan jazo muddatini o‘tayotgan shaxslar uchun munosib mehnat sharoitlarining yaratilganligi, ish haqining o‘z vaqtida berilishi, xavfsizlik texnikasi qoidalariga amal qilinishi, shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlanishi kabi masalalarga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.
Davra suhbatida “Inson huquq va erkinliklarni ta’minlashda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining hamkorligini mustahkamlash”, “Ombudsmanning mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlik qilishdagi o‘rni”, “Yoshlar ishlari agentligining yoshlarni kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng jalb etish, zamonaviy kasb-hunarlar, raqamli iqtisodiyot ko‘nikmalarini puxta egallashlari uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish, ularni ish bilan ta’minlashdagi o‘rni”, “Davlat tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyatini subsidiyalar, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar shaklida qo‘llab-quvvatlash”, “Nodavlat notijorat tashkilotlarining axborot olish va undan foydalanish kafolatlari”, “Nodavlat notijorat tashkilotlarining inson huquq va erkinliklarini ta’minlashdagi roli” mavzularida ma’ruzalar tinglandi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA