Barcha davlat xizmatlari bir joyda ko‘rsatiladi
Guliston shahrida aholiga huquqiy va davlat xizmatlarini “yagona darcha” tamoyili asosida ko‘rsatadigan davlat xizmatlari markazi foydalanishga topshirildi.
Yangi inshootning ishga tushirilishi orqali fuqarolar, tadbirkorlar va ijtimoiy soha vakillari uchun keng qamrovli, sifatli, tezkor va shaffof xizmatlardan foydalanish imkoniyati yaratildi. Bunday markazlarning tashkil etilishi Prezidentimizning “Inson qadri uchun” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy ifodasi sanaladi. Davlat va huquqiy xizmatlarning bir joyda jamlanishi fuqarolar uchun vaqt va ortiqcha ovoragarchilikni kamaytiradi, norasmiy to‘siqlarni bartaraf etishga xizmat qiladi.
Markazning ochilish marosimida Adliya vaziri Akbar Toshqulov, Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari, mehnat faxriylari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda ta’kidlanishicha, bunday zamonaviy infratuzilmalar aholiga qulay muhit yaratish, xizmat ko‘rsatish samaradorligini oshirish hamda byurokratik to‘siqlarni qisqartirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
[gallery-24348]
Tadbirda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov so‘zga chiqib, mazkur markaz Sirdaryo viloyatida fuqarolarni huquqiy qo‘llab-quvvatlash va ularga yaqinlashishda muhim poydevor bo‘lishini ta’kidladi.
— Bugun fuqarolarga qulay shart-sharoit yaratish, ularning huquqiy ehtiyojlarini tezkor, xolis va adolatli tarzda qondirish — asosiy vazifamizga aylangan. Gulistonda ochilayotgan bu markaz faqatgina bino emas, balki inson huquq va erkinliklarining ishonchli kafolatiga aylanadi, — dedi viloyat hokimi.
Adliya vaziri Akbar Toshqulov esa ushbu inshoot fuqarolarning davlatga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydigan, huquqiy madaniyatini oshiradigan maskanga aylanishiga ishonch bildirdi.
Umumiy qiymati 6 milliard 972 million so‘m bo‘lgan mazkur loyiha “Beton sanoat” MCHJ tomonidan amalga oshirildi. Milliy va zamonaviy me’morchilik an’analari uyg‘unligida barpo etilgan binoda shahar adliya bo‘limi, yuridik xizmat ko‘rsatish markazi, FHDYO bo‘limi, davlat xizmatlari markazi, notarial xizmatlar va arxiv bo‘limlari joylashgan. Bu esa hujjatlashtirish, huquqiy maslahat olish, nikohni qayd etish, mulkiy munosabatlarni rasmiylashtirish kabi ko‘plab muhim jarayonlarni bir joyda hal etish imkonini beradi.
Binoning xizmat ko‘rsatish zalidagi 17 ta qabul oynasi orqali bir vaqtning o‘zida 450 dan ziyod turdagi davlat xizmatlari ko‘rsatiladi. Elektron navbat tizimi, axborot kioskasi, mini-kutubxona, Wi-Fi hududi, maslahat xizmatlari va huquqiy axborot stendlari fuqarolar uchun yanada qulaylik yaratadi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus yo‘laklar, qulay kutish zallari, bolalar maydonchasi va mobil qurilmalar uchun quvvatlagich joylari ham nazarda tutilgan. Shuningdek, milliy an’analar va zamonaviy dizayn uyg‘unlashgan foto zona ham tashkil etilgan bo‘lib, kelin-kuyovlar hayotidagi unutilmas lahzalarni muhrlashga xizmat qiladi.
Quvonarlisi, yangi binoning FHDYO bo‘limida ilk bor, tadbir ishtirokchilari ko‘z o‘ngida, 2000 yilda Sardoba tumanining Yangiqishloq mahallasida tug‘ilgan Muhammadali Bozorboyev va 2006 yilda Sayxunobod tumanida tug‘ilgan Nozimaxon Bozorboyevalarning nikohi rasman qayd etildi. Ularga nuroniylarimiz tomonidan yangi hayotga ilk qadamlarini tashlaganlari munosabati bilan oq fotiha berilib, samimiy tilaklar bildirildi.
– Ilgari bir hujjat olish uchun turli idoralarga borish, soatlab navbatda turish kerak edi. Endi esa barcha xizmatlar bir joyda, oson, shaffof va hech qanday ovoragarchiliklarsiz amalga oshiriladi. Bu katta qulaylik, xalqqa bo‘lgan e’tibor, – dedi tadbirda ishtirok etgan mehnat faxriysi Tohir Samiyev.
Tadbir ishtirokchilari markazda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Ta’kidlanishicha, bu kabi markazlar davlat bilan xalq o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash, huquqiy davlat asoslarini barpo etishga xizmat qiladi.
G‘ulom Primov, Shahriyor Ortiqboyev (surat), O‘zA muxbirlari