Banklardagi muammoli kreditlar hajmi 23 trillion so‘mga yaqinlashdi
O‘zbekiston bank tizimida muammoli kreditlar (NPL) hajmi o‘sishda davom etmoqda. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga ko‘ra banklardagi muammoli kreditlar hajmi 22,9 trillion so‘mga yetdi. Bu yil boshidagi 18,1 trillion so‘mga nisbatan 27 foizga ko‘p.
Qayd etilishicha, kredit portfeli o‘sishi tabiiy jarayon bo‘lsa-da, muammoli kreditlar o‘sish sur’atining undan ancha yuqori bo‘lishi bank tizimi uchun e’tibor talab qiladigan holat hisoblanadi. Chunki yarim yil davomida jami kredit portfeli 604 trillion so‘mdan 643 trillion so‘mgacha, ya’ni 6,4 foizga oshgan bo‘lsa, muammoli kreditlar qariyb to‘rt baravar tez — 27 foizga o‘sgan.
Shu bilan birga, umumiy kredit portfelida muammoli kreditlar ulushi ham ko‘paygan. Agar yil boshida mazkur ko‘rsatkich 2,99 foizni tashkil etgan bo‘lsa, yarim yil yakuniga kelib u 3,57 foizga yetdi.
Tahlillarga ko‘ra, muammoli kreditlarning asosiy qismi davlat ulushiga ega tijorat banklari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Ulardagi NPL hajmi olti oy ichida 12,8 trillion so‘mdan 16,4 trillion so‘mgacha oshdi. Bu esa mamlakat bank tizimidagi jami muammoli kreditlarning qariyb 72 foizi aynan davlat banklarida jamlanganini ko‘rsatadi.
Natijada davlat banklarida muammoli kreditlar ulushi 3,17 foizdan 3,89 foizgacha ko‘tarildi. Xususiy va xorijiy kapital ishtirokidagi banklarda esa vaziyat nisbatan barqaror bo‘lib, NPL ulushi 2,62 foizdan 2,95 foizgacha oshgan.
Yarim yillik natijalarga ko‘ra, nisbiy ko‘rsatkich bo‘yicha eng katta o‘sish TBC Bankda kuzatildi. Bankning muammoli kreditlar ulushi 5,71 foizdan 12,12 foizgacha oshib, tizimdagi eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi.
Shuningdek, Mikrokreditbankda NPL ulushi 4,41 foizdan 7,86 foizgacha o‘sdi. Mutlaq hajm bo‘yicha ham mazkur bank yetakchilik qildi — yarim yil davomida muammoli kreditlar qariyb 900 milliard so‘mga ko‘paydi.
Umumiy o‘sish tendensiyasiga qaramay, ayrim banklar kredit portfeli sifatini yaxshilashga erishdi. Eng katta ijobiy o‘zgarish Poytaxt bankda kuzatildi. Unda muammoli kreditlar ulushi 24,40 foizdan 7,32 foizgacha qisqardi. Shuningdek, Kapitalbank muammoli kreditlar hajmini qariyb 200 milliard so‘mga kamaytirib, NPL ulushini 2,81 foizdan 2,14 foizga tushirdi. Ipoteka-bank muammoli kreditlar hajmini 163 milliard so‘mga qisqartirishga erishdi. Hayot Bank’da ko‘rsatkich 3,96 foizdan 2,68 foizgacha, Ziraat Bank Uzbekistan’da esa 3,86 foizdan 2,96 foizgacha pasaydi.
Bundan tashqari, KDB Bank Uzbekistan va Octobank’da muammoli kreditlar ulushi 0 foiz darajasida saqlanib qolgan. Uzumbank (0,01 foiz), ApexBank (0,04 foiz) hamda Open Bank (0,35 foiz) eng past NPL ko‘rsatkichlarini qayd etgan banklar qatoriga kirdi.
Xulosa o‘rnida aytish joiz, yarim yillik natijalar bank tizimida kreditlash hajmi ortishi bilan birga, qarzlar sifati ustidan nazoratni yanada kuchaytirish zarurligini ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, davlat ulushiga ega banklarda muammoli kreditlar o‘sish sur’ati yuqoriligi xavflarni boshqarish, kreditlarni baholash va qarzdorlar bilan ishlash mexanizmlarini yanada takomillashtirishni taqozo etmoqda. Shu bilan birga, ayrim banklarning kredit portfelini sog‘lomlashtirish borasidagi ijobiy tajribasi sohada samarali yondashuvlar mavjudligini ham namoyon etmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA