Bank xodimlari o‘rtasida kitobxonlik targ‘ib etilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini munosib kutib olish va uni yuqori saviyada o‘tkazishga qaratilgan chora-tadbirlar doirasida “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati tizimida ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi tadbirlar izchil davom etmoqda.
Bunday tashabbuslar xodimlarning ma’naviy dunyoqarashini boyitish, intellektual salohiyatini yuksaltirish, Vatanga sadoqat va milliy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu maqsadda “O‘zmilliybank” AJ Toshkent shahar Bosh boshqarmasi “Sayohat” Bank xizmatlari markazida “Ma’rifatli jamiyat — kitobxon jamiyat” shiori ostida bank xodimlari va mijozlari uchun kitob yarmarkasi tashkil etildi.
Tadbirga “Akademnashr” nashriyot markazi hamda “Mutolaaxona” MCHJ vakillari jalb etildi. Yarmarkada turli yo‘nalishdagi 500 ga yaqin adabiyot namoyish etildi. Badiiy asarlar, tarixiy va ma’rifiy kitoblar, ilmiy-ommabop nashrlar hamda shaxsiy rivojlanishga oid adabiyotlar kitobxonlarga keng tanlov imkonini berdi.
[gallery-31101]
Kitob yarmarkasining o‘ziga xos jihati shundaki, xodimlar ish joyining o‘zida turli mavzudagi nashrlar bilan tanishish, qiziqqan kitoblarini tanlash va xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu kabi tadbirlar mutolaani kundalik hayotning ajralmas qismiga aylantirish, kitob o‘qishga qiziqishni oshirish va shaxsiy kutubxonalarni boyitish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Tadbir davomida “Mutolaaxona” tashkilotchilari hamda “Ishonch” gazetasi jurnalistlari kitobxonlikning inson hayotidagi o‘rni, mutolaaning tafakkur va dunyoqarashni boyitishdagi ahamiyati haqida fikr bildirdi. Kitob o‘qishga qiziqishni oshirish va mutolaa madaniyatini yuksaltirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Yarmarka nafaqat yangi asarlarni xarid qilish, balki kitob va mutolaa atrofida fikr almashish uchun ham o‘ziga xos muloqot maydoniga aylandi. Zero, kitobxonlik insonning bilim doirasini kengaytirish, mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantirish va dunyoqarashini boyitishda muhim omildir.
Bank tizimida bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning tashkil etilishi xodimlar o‘rtasida kitobxonlik muhitini shakllantirish, ularning intellektual salohiyatini oshirish hamda jamoada sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Kamola Yusupova, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA