Bank xizmatlari namoyishi
Jizzaxda “BankExpo – 2015” bank texnologiyalari, asbob-uskunalari va xizmatlari milliy ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Jizzaxda “BankExpo – 2015” bank texnologiyalari, asbob-uskunalari va xizmatlari milliy ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimizning 2010-yil 26-noyabrdagi “2011 – 2015-yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting ko‘rsatkichlariga erishishning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida “Bank mijoz uchun” shiori ostida tashkil etilgan tadbirda kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari, tadbirkorlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Ko‘rgazmada moliya muassasalarining imkoniyatlari hamda bank ko‘magida faoliyatini izchil kengaytirib borayotgan tadbirkorlik subyektlarining mahsulotlari namoyish etildi.
O‘tgan yili viloyatda tadbirkorlik subyektlariga 265 milliard so‘mlik kredit mablag‘lari ajratildi. Kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari 7,9 milliard so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar oldi. So‘nggi besh yilda hududda xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash uchun moliya muassasalari tomonidan 34,2 milliard so‘m kredit ajratilgan.
– 2013-yilda “Yosh tadbirkor – yurtga madadkor” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, bankdan 5 million so‘mlik imtiyozli kredit olishga muvaffaq bo‘ldim, – deydi Jizzax transport, aloqa kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Zilola O‘rolova. – Bu mablag‘ evaziga xorijdan zamonaviy texnologiya keltirib, Forish tumani markazida qandolatchilik sexi faoliyatini yo‘lga qo‘ydim. 5 nafar ishchi mehnat qilayotgan korxonada 6 turda mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Ayni paytda qiymati 35 million so‘mlik import o‘rnini bosuvchi shokolad tayyorlash uskunasini keltirish ustida ish olib bormoqdamiz. Shu maqsadda bankdan 20 million so‘m kredit olishni rejalashtirdik. Reja amalga oshishi bilan yana o‘nta ish o‘rni yaratiladi.
– Mebel mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish uchun 3-yil oldin bankdan 60 million so‘m kredit olgan edim, – deydi “Oybek mebel servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Farhod Normamatov. – Xorijdan uskunalar keltirib, 30 turdagi mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik. 8 kishi mehnat qilayotgan korxonamiz jamoasining oylik daromadi 10 million so‘mdan oshadi. Shu kunlarda yana 200 million so‘m kredit olish uchun hujjatlarni rasmiylashtirmoqdamiz. Olinadigan mablag‘ hisobidan yumshoq mebel va oshxona jihozlari ishlab chiqarish uskunalari xarid qilamiz. Bu loyiha korxona ishchilari sonini 50 nafarga yetkazish imkonini beradi.
Ko‘rgazmada 30 nafar tadbirkor va kollej bitiruvchisiga 5 million so‘mdan 50 million so‘mgacha bo‘lgan miqdorda imtiyozli kredit olish uchun sertifikatlar topshirildi.