Bank tizimining jami kredit qo‘yilmalari 629,0 trln. so‘mni tashkil etmoqda
Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra 2026-yil 1-may holatiga, bank tizimining jami kredit qo‘yilmalari 629,0 trln. so‘mni, depozitlar hajmi esa 444,4 trln. so‘mni tashkil etdi. Birinchi qarashda moliyaviy ko‘rsatkichlar barqaror o‘sib bormoqda. Biroq ushbu raqamlarni hududlar kesimida chuqurroq tahlil qilsak, iqtisodiyotimizning transformatsiya jarayoniga oid bir qancha muhim xulosalar yuzaga chiqadi.
Eng ko‘zga tashlanadigan jihat, Toshkent shahrining mutlaq ustuvorligidir. Respublikadagi jami kreditlarning qariyb 46 foizi (290,0 trln. so‘m) va jami depozitlarning 76 foizdan ziyodi (341,1 trln. so‘m) aynan poytaxt hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Toshkent shahridan keyingi eng yirik kredit portfellari Farg‘ona (36,4 trln. so‘m), Samarqand (32,3 trln. so‘m), Toshkent viloyati (29,7 trln. so‘m) va Qashqadaryo (29,4 trln. so‘m) hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Ushbu viloyatlar mamlakatning yirik demografik va iqtisodiy nuqtalari hisoblanadi. Farg‘onadagi to‘qimachilik va kichik biznes, Samarqanddagi turizm va servis, Toshkent viloyatidagi yirik sanoat xablari bank mablag‘larini faol o‘zlashtirmoqda. Kredit hajmining yuqoriligi mazkur hududlarda yangi quvvatlar ishga tushayotgani va ishlab chiqarish kengayayotganidan dalolat.
Markaziy bank hisobotidagi eng diqqatga sazovor mahsuldor yo‘nalishlardan biri — aholiga ajratilgan kreditlar ulushi bo‘ldi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy va Surxondaryo viloyatlarida jismoniy shaxslarning kreditlari umumiy portfelning yarmidan ko‘pini tashkil etmoqda.
Bu holat ikki tomonlama ahamiyatga ega. Bir tomondan, bu hududlarda chakana bank xizmatlari (ipoteka, avtokredit, mikroqarzlar) faol rivojlanib, aholining hayot darajasini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Ikkinchi tomondan esa, mazkur hududlarda yirik sanoat va ishlab chiqarish loyihalari (biznes kreditlari) yetarli darajada emasligi, iqtisodiyot ko‘proq iste’mol modeliga suyanayotganini ko‘rsatadi.
Aholi omonatlari tarkibida poytaxtdan keyin Xorazm (10,4 trln. so‘m), Buxoro (9,9 trln. so‘m) va Samarqand (8,3 trln. so‘m) viloyatlari oldingi o‘rinlarda.
Xorazm va Buxoro kabi viloyatlarda aholi omonatlarining yuqoriligi — mahalliy aholining bank tizimiga bo‘lgan ishonchi yuqoriligidan tashqari, turizm va tashqi daromadlar (transchegaraviy pul o‘tkazmalari) hisobiga erkin naqd pul mablag‘lari shakllanayotganini anglatadi. Bu jamg‘armalar iqtisodiyot uchun muhim investitsiya manbaidir..
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA