Bank krediti samarali ishlatilgan
Jizzax shahrida aholining sanitariya-epidemiologik holatini yaxshilash maqsadida Osiyo taraqqiyot banki kredit mablag‘lari hisobidan kuniga 30 ming kub metr oqova suvni tozalash quvvatiga ega zamonaviy inshoot qurilib, foydalanishga topshirilgani haqida avval xabar bergan edik.
Osiyo taraqqiyot banki vakillari mazkur ajratilgan kredit mablag‘ining samarali ishlatilganligini o‘rganish uchun Jizzax shahriga keldi. Bank kredit mablag‘lari evaziga barpo etilgan oqova suv tozalash inshootlari hamda kanalizatsiya nasos stansiyalarining ishlashi, shahar bo‘ylab tortilgan 51 kilometr tarmoqning texnik holati va samaradorligi o‘rganildi.

Mutaxassislar Jizzax erkin sanoat zonasidagi korxonalar tomonidan oqova suvni chiqarishga mo‘ljallangan lokal tarmoqlar mavjudligi, shuningdek, oqova suv tizimidan ilk bor foydalanayotgan mahallalarda yashovchi aholi vakillari bilan suhbatlashdi.

Osiyo taraqqiyot banki vakillari o‘rganishlardan so‘ng ajratilgan kredit mablag‘laridan o‘z o‘rnida va samarali foydalanilgani va oqova suv tozalash inshootlari hamda kanalizatsiya nasos stansiyalari ko‘ngildagidek ishlatilayotganini alohida qayd etdi.
A.Qayumov,
O‘zA muxbiri