Baliqchilikdagi yangi yondashuvlar – samaradorlik omili
Yurtimizda har bir sohani rivojlantirishda zamonaviy ilm-fan yutuqlariga asoslangan yondashuvlarni keng jalb qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘z navbatida ilmiy asoslangan yangiliklar tegishli sohalarning keskin sur’atlardagi taraqqiyotini ta’minlab, samaradorlik oshishiga xizmat qilmoqda.
Ayni jarayonni baliqchilik sanoatida ham yo‘lga qo‘yish maqsadida sohada yangi ish boshlayotgan sub’ektlar faoliyatini samarali tashkil etishga qaratilgan “10 ta baliqchi – 10 ta natija” deb nomlangan loyiha amalga oshirilmoqda.
Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti, Baliqchilik ilmiy markazi hamda “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi tomonidan respublikamiz baliqchilari uchun ilmiy asoslangan qo‘llanma va tavsiyalar ishlab chiqilmoqda. Ilg‘or baliqchilik xo‘jaliklari mutaxassislari ushbu tajribalarni soha vakillariga yetkazish maqsadida “Ustoz-shogird” an’analari asosida yo‘lga qo‘yilayotgan loyihaga Samarqand viloyatidagi yetakchi baliqchilik xo‘jaliklaridan biri “Baliq al-Said” fermer xo‘jaligi tanlandi. Mazkur xo‘jalikda tashkil etilgan namunaviy ish yuritish uslubini keng ommalashtirish orqali baliqchilik xo‘jaliklarining samaradorligini oshirish ko‘zda tutilgan.
Xo‘jalik sohada o‘ziga xos maktab yaratgan marhum baliqchi Dilshod Karimov tomonidan tashkil etilgan. Bu yerda polikultura va poluintensiv tizimlarida baliq yetishtirish eng ilg‘or yondashuvlarga asoslangan.
– Xo‘jaligimiz 2010 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda 75 gektar maydonda baliq yetishtirish bilan shug‘ullanib kelayapmiz, – deydi “Baliq al-Said” fermer xo‘jaligi ish boshqaruvchisi Suhrob Karimov. – Ayni paytda xo‘jaligimizda yarimintensiv usulda baliq yetishtirishga ixtisoslashgan 7 ta suv havzasi mavjud. Bu sohaga kiritilgan muhim o‘zgarishlardan biri. Shu vaqtgacha polikultura usulida baliq yetishtirilgan bo‘lsa, yarimintensiv usulga o‘tilgach yuqori samaradorlikka erishilgan. Otam Dilshod Karimov boshlagan ushbu faoliyatni davom ettirib, kelgusida superintensiv usulini joriy qilishni maqsad qilganmiz. Bugungi seminar davomida xo‘jaligimizda yaratilgan tizimni respublikamizning turli hududlaridan kelgan soha vakillariga amaliy jarayonlar orqali ko‘rsatib berdik.
“O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi ma’lumotlariga ko‘ra, “10 ta baliqchi – 10 ta natija” loyihasining birinchi bosqichida sohada endi ish boshlagan, o‘z tajribalarini oshirishga ehtiyoji bor baliqchilardan 10 nafari tanlab olingan. Ushbu xo‘jaliklar polikultura va poluintensiv tizimlarda baliq yetishtirish reglamentlarini o‘z xo‘jaliklariga tatbiq etish orqali 2024 yil baliqchilik mavsumini samarali olib borish bo‘yicha yetarli bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi ta’minlanadi. Buning uchun yetuk mutaxassislar, ilm-fan vakillari, ilg‘or, tajribali baliqchilardan iborat guruh tashkil etilib, loyiha ob’ektlarida mavsum davomida barcha texnik-texnologik jarayonlarni birgalikda, bamaslahat olib borish ko‘zda tutilgan.
Loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlar maxsus telegramm kanalida video, foto lavhalari bilan yoritib boriladi. Ekspertlar tavsiyalari, ko‘rsatmalari beriladi. Bu ko‘rsatmalar loyihaga kirmagan xo‘jalik mutaxassislariga o‘z xatolari ustida ishlash, tajribalarini oshirish imkoniyatini yaratadi.
Seminar davomida baliqchilik sohasida ko‘llaniladigan asbob-uskunalar, qurilmalar, ozuqa yemlari, dori-darmonlarning kichik ko‘rgazmasi tashkil etildi. Bunda baliqchilik havzalarini qurish, havzalarga xizmat ko‘rsatish, mavsumiy profilaktika ishlari bo‘yicha batafsil tushuncha berildi.
– Dilshod Karimov baliqchilikni rivojlantirish borasidagi keng qamrovli faoliyati bilan o‘ziga xos maktab yaratgan, – deydi baliqchilik bo‘yicha konsultant Davrbek Qodiraliyev. – Ustoz baliqchilikni tashkil qilish, rivojlantirish bo‘yicha ulkan izlanishlarni olib borib, ko‘p yillik tajriba-sinovlar asosida uning asosi – reglamentlarini yaratganki, bu hozir sohani rivojlantirishda dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda. Seminarning nazariy qismida baliqchilik xo‘jaligini tashkil etishning asosiy tushunchalariga to‘xtalib o‘tdik. Tajribadan ma’lumki, reglamentlar asosida tashkil etilgan xo‘jalik faoliyati samarali va yuqori daromadni ta’minlaydi. Baliqchilikdagi suv, havza, chavoqlantirish, profilaktika, oziqlantirish kabi muhim reglamentlar borki, ularni bilmasdan baliqchilikka qo‘l urish salbiy oqibatlarga olib keladi. Buni sohaning vakillariga batafsil tushuntirib, imkon qadar kelgusi faoliyatining reja-dasturlarini tuzib berishga harakat qildik.
[gallery-15688]
Yurtimizning turli hududlaridan kelgan baliqchilar, ushbu sohaga aloqadar mutaxassislar baliqchilik xo‘jaligini tashkil etishning muhim yo‘nalishlari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, ozuqalarni tanlash, oziqlantirish va boshqa profilaktik tadbirlarni amalga oshirishda e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlarni ham puxta o‘zlashtirdi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari