Bajarilmagan vazifalar taqdiri nima bo‘ladi?
Parlament quyi palatasidagi Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida hukumatning “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturi ijrosi haqidagi hisoboti atroflicha muhokama etildi.
Fraksiya a’zolari hisobotni ko‘rib chiqishda Davlat dasturidagi normativ-huquqiy hujjatlar, hududlarni kompleks rivojlantirish hamda iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarni isloh etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga alohida e’tibor qaratdi.
Hukumat tomonidan taqdim qilingan hisobotga ko‘ra, partiya dasturiy maqsadlari uchun muhim hisoblangan ijtimoiy sohani rivojlantirish yo‘nalishi bo‘yicha 2020 yilda 1 ta O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 3 ta farmoni va 12 ta qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 16 ta qarori va farmoyishlari qabul qilinib, 21 ta chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangan. Aholi bandligini oshirish borasida respublika bo‘yicha jami 378,1 mingta yangi ish o‘rni tashkil etilgan.
Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi 2020 yilda Davlat dasturi ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlarni e’tirof etdi. Shu bilan birga, Davlat dasturi ijrosiga oid ma’lumotlar muhokamasida deputatlar ijtimoiy soha, aholining kundalik turmushida kuzatilayotgan bir qator masalalarda mutasaddilarga savollar berdi.
Fraksiya a’zolarining qayd etishicha, Davlat dasturida belgilangan 284 ta banddan 206 ta band to‘liq bajarilgan, ammo 20 ta bandning muddati uzaytirilgan hamda 58 ta bandning ijrosi davom etmoqda. O‘z vaqtida bajarilmagan vazifalar deputatlarning jiddiy e’tiroziga sabab bo‘ldi. Ularning ijrosini ta’minlash yuzasidan deputatlar taklif va tavsiyalar ham berdi.
Xususan, Davlat dasturida belgilangan Aholini ijtimoiy himoya qilish konsepsiyasini ishlab chiqish vazifasi ijrosi o‘z vaqtida ta’minlanmagan. Vaholanki, bu kam daromadli, mehnatga layoqatsiz aholi qatlamining qonuniy manfaatlari himoyasi nuqtai nazaridan jiddiy ahamiyatga ega masala hisoblanadi. Ushbu hujjat qabul qilinishi ijtimoiy nafaqa to‘lashning mukammal tizimini joriy etish, kam daromadli oilalarga ko‘mak ko‘rsatish qamrovini kengaytirish hamda nafaqa tayinlashda ochiq va adolatli tizimni yaratish imkonini beradi.
Yig‘ilishda yana qator masalalarda deputatlar tanqidiy-tahliliy fikrlarini bildirdi. Har bir masalada ochiq va oshkoralik vaqti kelgani alohida ta’kidlandi. Qilingan ishlar barchaga ma’lum, lekin bajarilmagan vazifalar taqdiri, ularning hayotga tatbiq etilish muddati bo‘yicha aniq rejalar, chora-tadbirlar xususida bahs-munozaralar bo‘ldi.
Yig‘ilishda deputatlar “Davlat moliyaviy nazorati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi belgilangan muddatda ishlab chiqilmayotgani bo‘yicha hukumat vakillariga e’tiroz bildirdi. Fraksiya a’zolari Davlat dasturining 197-bandida qayd etilgan, tibbiyot xodimlarining jamiyatdagi o‘rni va maqomini kuchaytirish, xususan, ularga munosib mehnat sharoitini yaratish, daromadini ko‘paytirish bo‘yicha vazifa ochiq qolganini ta’kidladi. Butun dunyoda pandemiya sababli qiyin vaziyat yuzaga kelganda, shifokorlar mehnatining qadri va ahamiyati yanada ortgani, ammo ularning daromadini ko‘paytirish bo‘yicha mexanizm yaratilmagani tanqid qilindi.
Bundan tashqari, yig‘ilishda tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, bu boradagi ko‘rsatkichlarning real holatga qanchalik to‘g‘ri kelishi bilan bog‘liq masalalar muhokama etildi.
Deputatlarning savol, takliflari bo‘yicha hukumat va idoralar mutasaddilarining javob hamda mulohazalari eshitildi. Shu asosda Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi Davlat dasturining ijrosi haqidagi hukumat hisobotini qo‘llab-quvvatladi.
Yig‘ilishda qator qonun loyihalari, xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qurilish sohasidagi huquqbuzarliklar bo‘yicha nazorat inspeksiyasi idoralari mas’ullariga jarima qo‘llash vakolatini berishni nazarda tutuvchi norma kiritilayotgani qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Qonun loyihasiga ko‘ra, Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish sohasida nazorat qilish inspeksiyasi va uning hududiy inspeksiyalarining mansabdor shaxslari ushbu kodeksning 178-moddasida (iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzishga doir qismida) nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklar aniqlanganda, bu haqda bayonnoma tuzishi belgilanmoqda.
Fraksiya a’zolari mamlakatda katta qurilish ishlari ketayotgan paytda ularning xavfsizligi bo‘yicha nazoratni kuchaytirish dolzarb masala ekanini ta’kidlab, qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA