Bahorning har bir kuni g‘animat
Samarqand viloyati fermerlari joriy yilda 91 ming 500 gektar maydonda g‘o‘za parvarishlab, 223 ming tonna paxta yetishtirishni rejalashtirgan. Shu maqsadda viloyatda mavsumga puxta hozirlik ko‘rilgan holda chigit ekishga kirishildi.
Samarqand viloyati fermerlari joriy yilda 91 ming 500 gektar maydonda g‘o‘za parvarishlab, 223 ming tonna paxta yetishtirishni rejalashtirgan. Shu maqsadda viloyatda mavsumga puxta hozirlik ko‘rilgan holda chigit ekishga kirishildi.– Mavsumni uyushqoqlik bilan tashkil etish va optimal muddatda o‘tkazish uchun viloyat bo‘yicha 237 guruh tuzildi, – deydi Samarqand viloyati davlat texnika nazorati inspeksiyasi boshlig‘i Obid Qalandarov. – Mazkur guruhlar tomonidan yerni ekishga tayyorlash, urug‘lik chigit va mineral o‘g‘it yetkazib berish, mexanizator va boshqa ishchilarga zarur sharoit yaratish yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqilib, amalga oshirilmoqda. 1 ming 600 dan ziyod qishloq xo‘jaligi texnikasi soz holga keltirildi. Urug‘lik chigitni saqlash va yetkazib berish uchun 107 shoxobcha faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Bu yil viloyatda g‘o‘zaning “Omad”, “Buxoro-102”, “Porloq-1”, “Namangan-77” singari ertapishar, serhosil va istiqbolli navlari bilan bir qatorda seleksioner olimlarimiz tomonidan yaratilgan “S-65-65”, “Jarqo‘rg‘on”, “Zarafshon” kabi yangi navlarni ham ekish ko‘zda tutilgan.
Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Registon Bog‘ishamoli” fermer xo‘jaligida o‘tkazilgan bahorgi agrotexnik tadbirlarni samarali tashkil etish va chigit ekish masalalariga bag‘ishlangan viloyat ko‘rgazmali seminarida mavsumga tayyorgarlik ishlari yana bir bor muhokama etildi.
Tumanlar hokimlari, qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limlari rahbarlari, fermerlar hamda sohaga aloqador tashkilotlar vakillari qatnashgan tadbirda mutaxassislar tomonidan dalani ekishga tayyorlash, tuproq namligini saqlash, maydonni tekislash va chigitni sifatli ekish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
– Joriy yilda tumanimizda 14,2 ming gektar maydonda ertapishar “Buxoro-102” va “Omad” navlarini ekishni rejalashtirganmiz, – deydi Kattaqo‘rg‘on tumani qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Zikrillo Iskandarov. – Buning uchun 153 guruh tashkil etilib, zarur texnika vositalari bilan ta’minlandi. Chigit ekishni uyushqoqlik bilan o‘tkazish maqsadida 11 yonilg‘i-moylash, 9 kimyoviy va mahalliy o‘g‘it yetkazib beruvchi shoxobcha tashkil etildi.
Seminarda ishtirokchilar joriy mavsumda foydalanilayotgan zamonaviy chigit ekish seyalkalarining imkoniyatlari va ish unumi bilan tanishdi, ekish sifatini ko‘zdan kechirdi.
Tadbirda Samarqand viloyati hokimi Z.Mirzayev so‘zga chiqdi.