Bahorning bir kuni yilni boqadi
“Yoshlar daftari” mavjud muammolarni o‘rganish, yoshlar takliflarini qo‘llab-quvvatlash borasida samarali tizimga aylandi. Ayniqsa, qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida ko‘plab yigit-qizlarning bandligi ta’minlanyapti.
Bu borada Toshkent viloyatida ham tizimli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, shu kungacha viloyatda “Yoshlar daftari” ga kiritilgan yigit-qizlarning 900 nafardan ortig‘iga 30 sotixdan 50 sotixgacha yer maydonlari ajratib berildi. Bu boradagi ishlar bosqichma-bosqich tumandagi barcha mahallalarni qamrab olmoqda. Misol uchun, Oqqo‘rg‘on tumanida 220 nafar, Bekobod tumanida 213 nafar yoshga dehqonchilik uchun e-auksion platformasi orqali yer ajratib berildi. Bekobod tumani Farhod mahallasida o‘tgan yili 125 nafar yoshlar yer olish masalasida onlayn tanlovda qatnashgan bo‘lsa, shundan 85 nafari g‘olib bo‘lgan. O‘z navbatida, g‘oliblarning 65 nafari “Yoshlar daftarida” gilardir. Ular orasida 26 yoshli Muhriddin Ziyobiddinov ham bor.

– O‘tgan yili ikki marta auksionda qatnashib, hududimizdagi 10 sotix yerni 10 yil muddatga yutib oldim, – deydi qahramonimiz. – Onlayn savdo haqida unchalik ham bilmayman. Shuning uchun tanishlarimning ko‘magidan foydalandim. Shundan beri dalaga karam ekib, daromad qilyapman.
– Oqqo‘rg‘on tumani "Guliston" mahallasida yashayman, –deydi Adhambek Sultonov. – 29 yoshdaman. Ishsiz edim. Yer ajratilganidan xursandman. – Qizil loviya ekmoqchiman. 40 sotix joydan yiliga ikki marta hosil olish rejam bor. 20-30 million so‘m daromad olishni mo‘ljallayapman.
Ayni paytda dalada ish qizg‘in. Ko‘zlarida ertangi kunga ishonch aks etgan yigit-qizlar juda faol. Berilgan imkoniyatdan samarali foydalanib turli sabzavot ko‘chatlari ekilmoqda.
A.Musayev,O‘zA