Bag‘rikenglik o‘quvchilar keng, yorug‘ maktabda ta’lim oladi
Surxondaryo viloyatining Bandixon tumanidagi Bag‘rikeng mahallasida yangi maktab foydalanishga topshirildi.
Barcha zamonaviy sharoitlarga ega 330 o‘rinli 45-umumta’lim maktabini qurib, jihozlash uchun qariyb o‘n milliard so‘m mablag‘ sarflandi.


Maktabning ochilish marosimida tuman hokimi Abdumalik Allamuradov keyingi yillarda davlatimiz chuqur bilim va salohiyatga ega sog‘lom yosh avlodni kamolga yetkazishga alohida e’tibor qaratayotganini qayd etdi. Buning uchun hududlarda zamonaviy maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarini qurish, mavjudlarini tubdan rekonstruksiya qilish yuzasidan amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari haqida so‘z yuritdi.


Mahalla qiyofasini o‘zgartirgan ko‘p qavatli ta’lim muassasasini xususiy mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tez, sifatli bunyod etdi. Maktabda fan xonalari, sport zal va sport maydonchalari barpo etilib, zamonaviy usulda jihozlandi.


Tadbir qatnashchilari maktabda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri