“Bag‘rikenglik haftaligi” o‘tkaziladi
Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan e’lon qilingan 16 noyabr – “Xalqaro bag‘rikenglik kuni” munosabati bilan butun mamlakatimiz bo‘ylab “O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi.
Nodirabegim nomidagi Namangan viloyati axborot-kutubxona markazida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ushbu tadbir doirasida rejalashtirilgan ishlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Viloyat hokimining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Ilhomjon Rahmatov, Namangan shahar hokimining o‘rinbosari Dilorom Abdurahimova, O‘zbekiston Musulmonlar idorasi vakili Abdulvohid Isoqov va boshqalar yurtimizda turli millat va elat vakillari o‘rtasida o‘zaro hurmat, millatlararo tutuvlik va birdamlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilayotganligini e’tirof etdi.
Darhaqiqat, bugungi kunda Namangan viloyatida qirg‘iz, tojik, rus, turk, qoraqalpoq, koreys, qozoq, ukrain, tatar kabi yigirmadan ziyod turli millat va elat vakillari o‘zaro ahil, totuvlikda farovon turmush kechirmoqda. Viloyatda Qirg‘iz, Rus, Tojik va Koreys milliy madaniy markazlari bitta zamonaviy markazda faoliyat yuritmoqda. Rus, qirg‘iz va tojik tillarida ta’lim beruvchi umumta’lim maktablari ham mavjud.

Binobarin, “Bag‘rikenglik haftaligi” O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan turli millat va din vakillari o‘rtasidagi hamjihatlik, hurmat, bag‘rikenglik g‘oyalarini mustahkamlashga qaratilgani bilan muhim ahamiyatga ega. Asosiy tadbirlar Namangan shahri, Davlatobod va Yangi Namangan tumanlari hududlarida uyushtirilishi ko‘zda tutilgan.
Davlatobod tumanidagi “Yangi O‘zbekiston – yoshlar ziyo maskani” axborot kutubxonasida “Yangi O‘zbekiston kitob va kutubxonadan boshlanadi” nomli kitoblar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi. Oliy o‘quv yurtlari, umumta’lim maktablari, professional kasb-hunar muassasalari va mahallalarda yoshlar vakillari o‘rtasida bag‘rikenglik g‘oyasini keng targ‘ib qilish maqsadida maxsus o‘quvlar hamda sport musobaqalari uyushtiriladi.

Pop, Chust, Kosonsoy, Yangiqo‘rg‘on, Chortoq, Uychi va Uchqo‘rg‘on tumanlaridagi qo‘shni davlatlarga chegaradosh qishloqlar “Bir zamon – bir Vatan farzandlarimiz” shiori ostida milliy sport o‘yinlari festivallariga mezbonlik qiladi. Viloyatdagi milliy-madaniy markazlar faollari To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Axsikent” ochiq osmon osti muzeyi hududi bo‘ylab sayohatda bo‘lishadi.
O‘zining uzoq yillik samarali va halol mehnatlari, vatanparvarligi va fidoyiligi bilan ibrat namunasini ko‘rsatayotgan turli millat va elat vakillariga mansub bo‘lgan jonkuyar hamyurtlarimizga “Diniy bag‘rikenglik” ko‘krak nishonlarini tantanali topshirish marosimi ham o‘tkaziladi.

Bir so‘z bilan aytganda, “Bag‘rikenglik haftaligi” doirasidagi madaniy tadbirlar, ma’rifiy uchrashuvlar barchada bag‘rikenglik va birdamlik hislarini shakllantirish, ularni turli millat va din vakillarining qadriyatlariga hurmat bilan qarashga o‘rgatishga xizmat qiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.