Badiiy ta’limda uzviylik va uzluksizlik
Yurt kelajagi, uning taraqqiyoti yosh avlodning ta’lim-tarbiyasiga bog‘liq.
Shu ma’noda so‘nggi yillarda yurtimizda yosh avlodning har tomonlama barkamol bo‘lib voyaga yetishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida ham «Bir so‘z bilan aytganda, bola tug‘ilganidan boshlab 30 yoshgacha bo‘lgan davrda uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydigan, hayotda munosib o‘rin topishi uchun ko‘mak beradigan, yaxlit va uzluksiz tizim yaratiladi», deb ta’kidlagan edi.
Ayni shu uzluksizlikni ta’minlashda maktab va oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida o‘rnatilajak hamkorlik muhim ahamiyat kasb etadi.
Ma’lumki, Prezidentimizning 2020 yil 6 noyabrdagi «O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga asosan maktab va oliy ta’lim muassasasi integratsiyasi keng yo‘lga qo‘yilmoqda.
Jumladan, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutiga Toshkent viloyati Nurafshon shahridagi 62-umuta’lim maktabi hamda Ohangaron shahridagi 9-umumta’lim maktablari biriktirildi.
O‘tgan o‘quv yilida ushbu maktablarga tashriflar, tashkil etilgan ijodiy uchrashuvlar davomida maktab o‘quvchilari va ularning ota-onalari bilan ham muloqot olib bordik. Muloqot jarayonida oliy ta’lim tizimining bugungi yutuqlari, yoshlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. Institut misolida bu o‘zgarishlarga guvoh bo‘lgan o‘quvchilar va ota-onalarining kelajakka bo‘lgan ishonchi yanada mustahkamlanib, sifatli ta’limga bo‘lgan e’tibori yanada ortdi.
Mazkur hamkorlik samarasi raqamlarda ham o‘z ifodasini topgani quvonarli holat. Xususan, o‘tgan o‘quv yilida Ohangaron shahridagi 9-sonli umumta’lim maktabida bitiruvchilarning oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish ko‘rsatgichi 0 (nol) foizni tashkil etgan bo‘lsa, joriy o‘quv yilida bu ko‘rsatkich 33,3 foizni tashkil etmoqda. Nurafshon shahridagi 62-sonli umumta’lim maktabida esa bu ko‘rsatgich o‘tgan yilgi 4,2 foizdan 21,1 foizga oshdi.
Shu o‘rinda aytish lozimki, ijodkor kadrning voyaga yetishi o‘ziga xos murakkab jarayon hisoblanadi. Ya’ni bolaning iste’dodini aniqlash, uni sayqallash hamda kezi kelganda yo‘nalish berish lozim. Xususan, tasviriy va amaliy san’at hamda dizayn sohalarida ham talabgorning iste’dodini aniqlash va uni voyaga yetkazish alohida yondashuvni talab etadi.
Shu ma’noda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida talabalarning asosiy qismini ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatlarining bitiruvchilari tashkil etadi. Chunki ularda yoshlikdan san’at sohasiga oid dastlabki bilim va ko‘nikmalar shakllangan bo‘lib, kasbiy (ijodiy) imtihon jarayonlarida ayni shu jihatlarini namoyon eta olgan yoshlar talabalik baxtiga muyassar bo‘ladi. Ya’ni kasbiy (ijodiy) imtihon jarayonlarida beriladigan topshiriqlar umumta’lim maktablarining dasturlaridan bir muncha murakkab hisoblanadi.
Ushbu omillarni inobatga olgan holda hamda yuqoridagi farmon ijrosini ta’minlash maqsadida institutda 2021/2021-o‘quv yilidan e’tiboran yangi amaliyot joriy etildi. Unga ko‘ra, institutimizning bulg‘usi talabalari tahsil olayotgan O‘zbekiston Badiiy akademniyasi tizimidagi ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatlariga xizmat safarlari uyushtirib kelmoqdamiz.
Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro hamda Qashqadaryo viloyatlarida joylashgan ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatlariga bordik.
Ushbu tashriflarda bir qancha muhim tadbirlar amalga oshirildi. Dastlab maktabning yuqori sinflarida tahsil olayotgan o‘quvchilar bilan uchrashuv o‘tkazdik hamda bugungi kunda yurtimizdagi islohotlar va buning natijasida oliy ta’lim ta’lim tizimidagi o‘zgarishlar, xususan, badiiy ta’lim tizimi rivoji uchun berilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik, qabul qilingan qonun hujjatlari haqida batafsil to‘xtalib o‘tildi.
O‘quvchilarga institut hayoti haqida batafsilroq ma’lumot berish maqsadida dars jarayonlari, iqtidorli talabalar hayoti, talabalar turar joyida yaratilgan sharoitlar aks etgan videoroliklar ham namoyish etildi.
Mazkur uchrashuvlarda o‘quvchilar ham o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollariga javob oldilar.
Maktab o‘quvchilari o‘rtasida «Yangi O‘zbekiston mening nigohimda» nomli ko‘rik-tanlov o‘tkazilib, bu tanlov o‘quvchilar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi hamda har bir maktabda tanlovga ular tomonidan 100 dan ortiq ijodiy ish taqdim etildi. G‘olib va sovrindorlar institut tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Shuningdek, tashrif doirasida institutda faoliyat olib borayotgan hamda o‘z ijodi bilan katta muvafaqqiyatlarga erishib kelayotgan yosh pedagoglar tomonidan o‘quvchi- yoshlar uchun mahorat darsi ham o‘tkazildi. Unda dars bilan birgalikda o‘quvchilarni qiziqtirgan savollariga ham javob berib borildi. Mahorat darslariga imkon qadar ayni shu maktab bitiruvchisi bo‘lgan va o‘z mahorati bilan tanilib kelayotgan pedagoglar jalb etildi. Bu esa maktab o‘quvchilari uchun yana bir rag‘bat bo‘lishi shubhasizdir.
O‘z o‘rnida mazkur mahorat darslarida ishtirok etgan pedagoglarning ham kelgusi faoliyatiga bu omil ijobiy ta’sir o‘tkazadi.
Mazkur xizmat safarlarida maktablarga tashrif bilan cheklanib qolmasdan hududlarda faoliyat yuritayotgan badiiy ta’lim rivojida muhim ahamiyat kasb etuvchi bir qancha muassasalarga ham tashrif buyurdik.
Jumladan, Buxoro viloyatiga tashrif doirasida “Shuhrat” medali sohibi, institutimiz Vasiylik kengashi a’zosi Davron Toshev asos solgan ”Usta Davron" miniatyura markazida bo‘ldik va markaz faoliyati bilan tanishib, hamkorlikda amalga oshirish mumkin bo‘lgan bir qancha loyihalarni muhokama qildik.
Qoraqalpog‘iston Respublikasiga xizmat safari davomida dunyoga mashhur muzeylardan biri – I.V. Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyiga ham borib, muzey direktori bilan uchrashuv o‘tkazdik. Kadrlar tayyorlash, hamkorlikda muzey ilmiy faoliyatini rivojlantirish, birgalikda qo‘shma loyihalar ishlab chiqish, talabalarning o‘quv amaliyotlarini ushbu muzeyda o‘tkazishni ta’minlash, institut professor-o‘qituvchilarining muzey xodimlari uchun mahorat darslari va ma’ruzalar o‘tishini tashkil etish va boshqa bir qator muhim masalalar muhokama qilindi.
Xorazm viloyatida esa Urganch shahridagi O‘zbekiston zamonaviy san’at muzeyida bo‘lib, uning faoliyati bilan yaqindan tanishdik. Ma’lumki, hozirgi kunga kelib, muzey zaxirasida mingga yaqin rangtasvir, qalamtasvir va haykaltaroshlik asari mavjud. Albatta, tashrif davomida mazkur asarlarni keng jamoatchilikka, ayniqsa, institut talabalariga yanada yaqinroq tanishtirish masalalari haqida so‘z bordi.
Bir so‘z bilan aytganda, yurtimizda badiiy ta’limga ixtisoslashgan yagona oliy ta’lim muassasasi bo‘lmish Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti o‘z oldiga Yangi O‘zbekiston san’ati va madaniyati rivojiga munosib hissa qo‘sha oladigan yetuk iqtidor egalarini tarbiya qilishdek yuksak maqsadni qo‘yar ekan, bu borada maktablar, ayniqsa, ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatlari bilan olib borilayotgan hamkorlik muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuning uchun ham yuqoridagi kabi tadbirlar va uchrashuvlarni joriy yil yakuniga qadar O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tizimidagi barcha ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatlarda o‘tkazishni rejalashtirganmiz.
Nodirbek Sayfullayev,
Kamoliddin Behzod nomidagi
Milliy rassomlik va dizayn
instituti rektori.