Badiiy ta’lim yo‘nalishida hamkorlik kengaymoqda
Rossiya Federatsiyasining Janubiy federal universiteti hamda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi huzuridagi Badiiy ta’lim yo‘nalishlarida pedagog va mutaxassis kadrlarni qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish markazi o‘rtasida hamkorlik Memorandumi imzolandi.
Onlayn shaklda o‘tkazilgan uchrashuvda tomonlar umumiy maqsadlar, badiiy ta’lim sohasida yetuk kadrlarni tayyorlash, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish va o‘zaro tajriba almashish to‘g‘risida kelishuvga erishdi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur Memorandum ta’lim sifatini oshirish, zamonaviy metodologiyalarni joriy etish va ikki davlat o‘rtasida madaniy hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida imzolandi.
Shuningdek, ushbu kelishuv o‘qituvchilar va mutaxassislarning malakasini oshirish, yangi innovatsion ta’lim dasturlarini yaratish, hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun mustahkam poydevor yaratadi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA