BAA astronavti koinotga chiqdi
“WAM” xabar berishicha, Birlashgan Arab Amirliklari astronavti Sulton An-Niyodiy Ekipaj-6 a’zolari – NASA vakillari Stiven Bouyen, Vudi Xoburg va Roskosmos astronavti Andrey Fedyayev bilan birga Xalqaro kosmik stansiya (XKS)da o‘z missiyasini ado etib, olti oydan so‘ng Yerga qaytdi. Fazogirlar koinotda “radiochastota aloqa guruhini almashtirish va quyosh panellarini o‘rnatishga tayyorgarlik ko‘rish” vazifasini bajardilar. Tarixiy missiya XKS tashqarisida, taxminan, 6,5 soat davom etdi.
Parvoz mobaynida An-Niyodiy 200 dan ortiq tajribada qatnashdi, xalqaro kosmik agentliklar, BAA va dunyoning mashhur universitetlari bilan hamkorlik qildi. O‘simliklar genetikasi, tabiiy fanlar, suyuqliklar dinamikasi, materialshunoslik, oqsil kristallarining o‘sishi va ilg‘or kosmik tadqiqotlar texnologiyalarini o‘rganish kabi turli sohalarga hissa qo‘shdi.
Arab fazogiri bir necha bor fazoga muvaffaqiyatli chiqishni amalga oshirdi, 19 marta 10 000 dan ortiq odam qatnashgan “Koinotdan qo‘ng‘iroq” nomli ta’lim va targ‘ibot tadbirlarida ishtirok etdi. BAA astronavti bilan video va radio aloqa orqali muloqot qildi.
“NASA” va “SpaceX” jamoalari Yerdagi noqulay ob-havo tufayli dushanba kuni tongda kosmik kema kapsulasida Florida sohili yaqinida Atlantika okeaniga parashyut bilan tushdi.
Mart oyida fazoga yo‘l olgan jamoa a’zolari bir ovozdan Yerni sog‘inganlarini e’tirof etishdi.

BAA fuqarosi, Muhammad bin Rashid kosmik markazi a’zosi, 42 yoshli Sulton An-Niyodiy uch yillik mashg‘ulotdan so‘ng 4000 soat samoda bo‘ldi.
Qayd etilishicha, 2019 yil sentyabrda XKSga 8 kunlik sayohat qilgan avvalgi astronavt Hazza Al-Mansuriydan farqli o‘laroq, An-Niyodiy uzoq muddatli parvozni amalga oshirgan birinchi arab astronavti hisoblanadi.
BAA Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid An-Niyodiyning jasoratini shunday e’tirof qildi:
– An-Niyodiy, BAA xalqi fazoni tadqiq etishda ulkan tarixiy yutuqqa erishganingiz uchun siz va butun jamoa bilan cheksiz faxrlanadi! Siz xalq orzularini yangi chegaralarga olib chiqdingiz. Kashshof sayohatni amalga oshirib, omon qaytganingizdan mamnunmiz.
Muharrama Pirmatova,
O‘zA.