Azim Toshkent yoshlarni sevadi!
«Dunyoda ilmdan boshqa najot yo‘q va bo‘lmagay», degan so‘zlarning naqadar rost ekanligiga shak-shubha yo‘q. Davlatning ertangi kuni yoshlarning qay darajada bilimli ekani bilan bevosita bog‘liq. Bilimli yoshlar esa o‘z vatanini sevadi. Vatan — muqaddas. Yurtimizning go‘zal poytaxti haqida orzular amalga oshadigan shahar deya ta’rif berishimiz mumkin.

Toshkent – qadimiy tarixiy asoslarga ega shahar bo‘lib, uzoq yillik davrda shakllanib, rivojlanib taraqqiy etgan. Shahar to‘g‘risidagi tarixiy ma’lumotlar yunon olimlari asarlarida, xitoy manbalarida shahar sifatida keltirib o‘tilgan. Milodiy IV asrlarda Toshkent hududi Choch va Iroq davlati hududlari tarkibiga kirgan. Manbalarda Choch, Shosh, Shoshkent deb yuritilgan. Bu shahar haqidagi ta’rifu tavsiflar qadim-qadimdan avloddan-avlodga o‘tib kelavergan Ulug‘ alloma Abu Rayhon Beruniy mashhur «Hindiston» asarida «Toshkent» atamasini qo‘llab, uning ma’no-mazmunini tushuntirib berdi.
Dunyo siyosiy xaritasida o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lgan poytaxtimiz kundan-kun chiroy ochib, go‘zallashib borayotganini ko‘rib turibmiz. Bosh kentimizning o‘ziga xos «Sharq darvozasi» degan nufuzini asrab qolish xususida so‘z ketganda bunday tarixiy ma’lumotlar bugungi kunda yuksak ahamiyat kasb etadi.
Poytaxtimizda havas qilsa arzigulik maskanlar ko‘p. Bunday joylar uzoqni ko‘ra oladigan insonlar tomonidan qurilganini e’tirof etib, ularning ezgu yo‘ldagi bunyodkorliklariga tasannolar aytamiz. Jumladan, Toshkent metrolari go‘zal va betakrorligi bilan barchani o‘ziga maftun etgan. Intiluvchan ijodkorlar va talabalar qamrab olguvchi «Adiblar xiyoboni»da esa ulug‘ shoir va yozuvchilarimizning o‘lmas siymolarini ko‘rib faxr va iftixor tuyamiz. Mushoira kechalari, taniqli yozuvchilar bilan samimiy suhbatlar o‘tayotgan bunday maskanlar yoshlarning ma’naviy tafakkurini boyitishga xizmat qilmoqda.
Bugun xorijlik sayyohlar Toshkentning har bir go‘shasiga hayrat va hayajon ila boqishadi va «Insonlar qalbiga o‘zgacha go‘zallik va tuyg‘u olib kiruvchi shahar», deb ta’riflashadi. Tarixiy tafakkur, asliyatga hurmat hududimiz o‘tmishini yaxshi anglashimizdan boshlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 6-moddasida «O‘zbekiston Respublikasining poytaxti — Toshkent shahri» deya tarif berilgan. Ushbu modda Toshkent shahrini mamlakatimizning poytaxti sifatidagi huquqiy maqomini mustahkamlab berdi.
Toshkentning barcha yutug‘i, bu — O‘zbekistonning har tomonlama taraqqiy etayotganining munosib ko‘rsatkichidir. Shularni inobatga olib, 2009 yil mamlakatimizda poytaxtimizning 2200 yilligi keng nishonlandi. Yillar davomida Toshkentning xalqaro obro‘-e’tibori dunyo hamjamiyati e’tiboriga tushdi.
Biroq ba’zan shunday aziz maskanning ekologik muhitiga zarar yetkazayotgan, turli chiqindilarni jamoat joylariga tashlab ketayotgan insonlar ishi dilni ranjitadi. Bu shaharning go‘zalligidan bahra olayapmiz, istiqomat qilyapmiz, ta’lim olyapmiz. Bugun «Toshkent – Sharq darvozasi», «Toshkent – tinchlik va do‘stlik shahri», degan ta’riflarni ayni vaqtda dunyo tan olmoqda, biz ham yurtimizni har bir go‘shasini ardoqlab sevish, asrash muhofaza etish bilan farzandlik munosabatimizni bildiraylik. Zero barchamizning yuksak yutuqlarimiz guvohi bo‘lib kelayotgan azim Toshkent yoshlarni sevadi!
Charos Abdusattorova,
Yangi O‘zbekiston universiteti talabasi