“Ayritom” chegara bojxona postida ochiq eshiklar kuni
Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi Termiz shahridagi 18- umumta’lim maktabi o‘quvchilari uchun mamlakatimizni qo‘shni Afg‘oniston bilan bog‘laydigan “Ayritom” chegara bojxona postiga “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etdi.
Mazkur ta’lim muassasasini viloyat bojxona boshqarmasi otaliqqa olgan. Ular o‘quv yili davomida o‘quvchilarga bojxona sohasi haqida turli dars mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Qiziqarli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, sport musobaqalari uyushtirdi. “Ochiq eshiklar kuni” da ishtirokchilarga “Ayritom” chegara bojxona postida mavjud bojxona nazoratining zamonaviy texnik vositalari va ularning ishlash jarayonlari namoyish etildi. O‘quvchilar bojxona postida fuqarolar uchun “VIP”, kirish hamda chiqish zalidagi rentgen-skaner uskunalari, “Yagona darcha” markazi, “Nazorat” markazi, avtotransport vositalarini samarali skaner qiluvchi “Z- portal” va inson tanasini zararsiz bojxona nazoratidan o‘tkazuvchi “Body scan” qurilmalari bilan yaqindan tanishdi. Fuqarolar va avtotransport vositalarining harakat hamda bojxona rasmiylashtiruvlarini katta qiziqish bilan kuzatib, mazkur jarayonda bevosita qatnashib ko‘rdi.



–O‘quv yili davomida bojxonachi akalarimiz mamktabimizda bo‘lib, biz uchun qiziqarli mashg‘ulotlar o‘tkazdi, – deydi maktabning 9-sinf o‘quvchisi Abdulloh Qayumov. – Ikki mamlakat chegarasidagi bojxona postida bo‘lishimiz bizning soha haqidagi tasavvurlarimizni yanada boyitdi. Bu yerdagi zamonaviy nazorat vositalari va mard, jasur bojxona xodimlarining xizmat jarayonlarini kuzatib, menda ham kelajakda bojxona saflarida xizmat qilish ishtiyoqi paydo bo‘ldi. Albatta, bu orzuimni amalga oshirish uchun yanada ko‘proq o‘qib, jismonan toblanaman. Bojxona institutiga o‘qishga kirib, shu kasb etagidan mahkam tutaman. Katta bo‘lsam Vatanimga sadoqat bilan xizmat qilaman.
O‘quv yili yakunlanishi arafasida uyushtirilgan tadbir o‘quvchi-yoshlarda boy taassurot o‘yg‘otdi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri