Ayrim davlat aktivlari 1 mln. so‘m boshlang‘ich narxda auksionga chiqariladi
O‘zbekistonda davlat aktivlarini xususiylashtirish bo‘yicha yangi mexanizmlar joriy etilmoqda. 2026-yilda 84 ta xo‘jalik jamiyatidagi davlat ulushi, 1 242 ta ko‘chmas mulk ob’ekti va qariyb 8 ming gektar yer savdoga chiqariladi.
Davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish, xususiy sektor ulushini oshirish va investitsiyalarni keng jalb etish maqsadida yangi bosqichdagi xususiylashtirish jarayonlari boshlanmoqda. Prezidentimizning 2026-yil 28-avgustdagi «Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni bilan 2026-yil uchun davlat aktivlarini sotish, korxonalarni tugatish va qayta tashkil etish, yer resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha keng qamrovli chora-tadbirlar belgilandi.
Farmonga ko‘ra, 2026-yilda davlat va davlat ishtirokidagi korxonalarga tegishli 84 ta jamiyatdagi ulushlar, 1 242 ta ko‘chmas mulk ob’ekti hamda 8 ming gektar yer uchastkalari savdoga chiqariladi. Shuningdek, 85 ta davlat ishtirokidagi korxonani tugatish yoki qayta tashkil etish belgilangan. Eng katta ko‘rsatkich esa davlat aktivlarini sotish hajmi bilan bog‘liq. Umumiy qiymati 100 trillion so‘mga yaqin davlat va davlat ishtirokidagi korxonalar aktivlari hamda yer uchastkalari savdoga chiqariladi. Bundan kamida 14 trillion so‘m tushum olish maqsad qilingan. Bu raqamlar xususiylashtirishning navbatdagi bosqichi avvalgi davrlarga nisbatan ko‘lami ancha katta ekanini ko‘rsatadi.
Davlat aktivlarini xarid qilish jarayonida tadbirkorlar uchun bir qator moliyaviy yengilliklar joriy etilmoqda. Jumladan, davlat aktivlari va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini sotib olishda 15 foiz avans to‘lash imkoniyati beriladi. Avansni 30 kalendar kun ichida to‘lash, qolgan summani esa qonunchilikda belgilangan muddatlarda foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash mumkin. Yirik aktivlar bo‘yicha yanada qulay mexanizmlar nazarda tutilgan. Agar xaridor olti oy ichida to‘lovning 100 foizini amalga oshirsa, unga umumiy summaga nisbatan 25 foiz chegirma beriladi. Shuningdek, olti oyda 50 foiz to‘lovni amalga oshirgan xaridor qolgan summani 7 yil davomida foizsiz to‘lashi mumkin.
Yana bir variantga ko‘ra, xaridor uch oy ichida 35 foiz to‘lovni amalga oshirsa, qolgan mablag‘ni 5 yil davomida foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu mexanizmlar, avvalo, yirik davlat aktivlarini xususiy sektorga o‘tkazishda moliyaviy to‘siqlarni kamaytirishga qaratilgan.
Farmonda davlat aktivlarini sotish jarayonini tezlashtirishga qaratilgan muhim yangiliklardan biri — sotilmay qolgan ob’ektlarning boshlang‘ich narxini pasaytirish mexanizmi. Agar davlat aktivi ochiq elektron onlayn auksion yoki birja savdolarida uch oy davomida sotilmasa, uning boshlang‘ich narxi bosqichma-bosqich 10 foizgacha pasaytiriladi.
Aktiv ikki oy davomida sotilmasa, Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga uni lotlarga ajratish yoki birlashtirgan holda qayta savdoga chiqarish vakolati beriladi. Shu bilan birga, uch oy davomida sotilmagan aktivlarni gibrid auksion — anglo-golland modeli asosida realizatsiya qilishga ruxsat beriladi. Bunda dastlab narx pasaytiriladi, xaridor taklifi paydo bo‘lganidan keyin esa narx oshirish tartibida savdo davom ettiriladi.
Farmonda yer uchastkalarini tadbirkorlar uchun yanada jozibador qilishga alohida e’tibor qaratilgan. Endi ayrim yer uchastkalari “tayyor paket” usulida elektron onlayn auksionga chiqariladi. Bunda yerning muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishi uchun texnik shartlar va qurilishga ruxsat beruvchi zarur hujjatlar oldindan tayyorlanadi. “Tayyor paket”ni ishlab chiqish xarajatlari dastlab mahalliy byudjet hisobidan qoplanishi, keyin esa ushbu xarajatlar yerni sotishdan tushgan mablag‘lar hisobidan qoplanishi mumkin. Bu yondashuv tadbirkorning yerni sotib olgandan keyin infratuzilma va ruxsatnoma masalalari bilan uzoq vaqt ovora bo‘lishining oldini olishga qaratilgan.
Xususiylashtirish jarayoni barcha korxonalar uchun bir xil tarzda amalga oshirilmaydi. Strategik ahamiyatga ega korxonalarni xususiylashtirishda milliy xavfsizlik, ijtimoiy barqarorlik va aholi manfaatlarini himoya qilish maqsadida davlatning vaqtinchalik maxsus ishtirok etish huquqi saqlab qolinishi mumkin.
Ya’ni xususiylashtirish davlatning iqtisodiyotdan butunlay chiqib ketishini anglatmaydi. Strategik ahamiyatga ega tarmoqlarda davlatning manfaatlarini himoya qilish mexanizmi saqlanadi. Farmon davlat muassasalari faoliyatiga ham jiddiy o‘zgarishlar kiritadi. Raqobat muhiti shakllangan sohalarda davlat byudjetidan moliyalashtirilmaydigan davlat muassasalarini tashkil etish taqiqlanadi. Tijorat faoliyati bilan shug‘ullanadigan davlat muassasalari esa 2026-yil 1-dekabrga qadar xo‘jalik jamiyatlariga aylantiriladi.
Bundan tashqari, davlat ishtirokidagi korxonalar tizimidagi nosohaviy tashkilotlar tarkibdan chiqarilib, xo‘jalik jamiyatlariga aylantiriladi va ommaviy savdolarga chiqariladi. Buning ortida bitta asosiy maqsad bor, davlat korxonasi maqomi orqali raqobat muhitiga ta’sir ko‘rsatadigan, ammo tijoriy xususiyatga ega faoliyatlarni xususiy sektorga o‘tkazish.
Farmonda ijtimoiy sohadagi yirik tashkilotlarni kommersiyalashtirish masalasi ham qamrab olingan. Yirik oliy ta’lim muassasalari va respublika ixtisoslashgan tibbiyot markazlarini bosqichma-bosqich xo‘jalik jamiyatlariga aylantirish ko‘zda tutilgan. Ularning faoliyatiga xususiy investorlar, jumladan, aksiyalar paketini ommaviy savdoga chiqarish orqali kapital jalb qilinishi mumkin. Bu mexanizm ta’lim va tibbiyot sohalarida davlat mablag‘lariga qaramlikni kamaytirish, qo‘shimcha investitsiya va boshqaruv tajribasini jalb qilish imkoniyatini kengaytiradi.
Farmonning yana bir muhim jihati banklar balansidagi qarzdorlik evaziga qabul qilingan mol-mulklar bilan bog‘liq. Davlat ishtirokidagi banklar qarzdorlik evaziga qabul qilgan mol-mulklarni, jumladan, aksiya paketlari va ulushlarni sotishda ayrim yengilliklardan foydalanishi mumkin. Bunday mol-mulklarni boshlang‘ich to‘lovsiz va foizsiz bo‘lib-bo‘lib sotishga ham ruxsat beriladi. Bundan tashqari, 2030-yil 1-yanvarga qadar muayyan shartlar asosida banklar balansiga qarzdorlik evaziga olingan ko‘chmas mulk ob’ektlarini sotish bilan bog‘liq soliq imtiyozlari amal qiladi.
Bu choralar muammoli aktivlarni banklar balansida uzoq vaqt saqlanib qolishining oldini olish va ularni qaytadan iqtisodiy aylanmaga kiritishga xizmat qilishi kutilmoqda. Farmon bilan vazirlik va idoralar rahbarlari, hududlar rahbarlariga ham aniq vazifalar yuklatilgan. Xususiylashtiriladigan aktivlarni Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkazish masalasi bir oy muddatda ko‘rib chiqilishi kerak.
Tugatiladigan yoki qayta tashkil etiladigan 85 ta davlat ishtirokidagi korxona bo‘yicha boshqaruv organlari qarorlari 2026-yil 1-noyabrga qadar qabul qilinishi, ishlar esa yil yakuniga qadar yakunlanishi belgilangan. Shu tariqa xususiylashtirish jarayoni faqat aktivlarni sotish bilan cheklanmay, davlat korxonalarining o‘ziga bo‘lgan yondashuvni ham o‘zgartirishni nazarda tutmoqda.
Farmonni bir nechta raqamda ifodalash mumkin: 84 ta jamiyat, 1 242 ta ko‘chmas mulk ob’ekti, 8 ming gektar yer, 85 ta korxona va qariyb 100 trillion so‘mlik aktivlar. Bu raqamlar davlat mulkini xususiy sektorga o‘tkazish jarayoni kengayib borayotganini ko‘rsatadi.
Biroq xususiylashtirishning iqtisodiy samarasi aktivlarning qancha mablag‘ga sotilgani bilan emas, balki ular sotilgandan keyin qanchalik samarali ishlashi, yangi investitsiyalar jalb qilinishi, ish o‘rinlari yaratilishi va raqobat muhiti kuchayishi bilan baholanadi. Shu ma’noda, yangi bosqichning asosiy vazifasi davlat mulkini sotishning o‘zi emas, balki davlat aktivlarini xususiy kapital, investitsiya va samarali boshqaruv orqali iqtisodiy o‘sish manbaiga aylantirishdan iborat.
Farmonda belgilangan yangi auksion mexanizmlari, bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatlari, soliq imtiyozlari va “tayyor paket” usulida yer sotish amaliyoti tadbirkorlar uchun imkoniyatlarni kengaytirishi mumkin. Eng muhimi, ushbu jarayonning shaffofligi, raqobat asosida o‘tishi va davlat aktivlarining haqiqiy bozor qiymatida sotilishi ta’minlanishi kerak.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA