Ayozli kunlarda yong‘inlar soni ortdi
Andijon viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, anomal sovuq hukm surgan kunlarda elektr transformatorlarida yuzaga kelgan nosozliklar, ayniqsa, ko‘p qavatli uylardagi tok taqsimlash qutichalari (elektroshit)da elektr energiyasi yuklamasining ortib ketishi natijasida aholi xonadonlari, turli ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish ob’ektlarida yong‘inlar sodir bo‘lgan.
Andijon shahrining Shifokor mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi ko‘p qavatli 10-A uyning yerto‘lasidagi elektr kabellar, shuningdek, uyning kirish qismidagi elektr taqsimlash qutichasida elektr energiyasi yuklamasining ortib ketishi oqibatida yong‘in kelib chiqqan.
Voqea joyiga Andijon shahar favqulodda vaziyatlar bo‘limining 4 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji zudlik bilan yetib borgan. Qisqa muddatda yong‘inni o‘chirish bilan bir vaqtda uyning yuqori qavatlaridagi xonadonlarda bo‘lgan 22 nafar fuqaro maxsus narvon va jihozlar yordamida xavfli hududdan olib chiqilgan.
Fuqarolarni qutqarish jarayonida kapitan Umidjon Usmonaliyev rahbarligidagi bo‘linma xodimlari G‘olibjon To‘rayev, Azizbek Mamatisayev, Ulug‘bek Dehqonov professional darajada harakat qilgan.
[gallery-10332]
Shuningdek, Asaka tumanidagi Amir Temur mahallasi, Iqbol ko‘chasida joylashgan 12-ko‘p qavatli uyning 11-xonadonida elektr simining qisqa tutashuvi natijasida kelib chiqqan yong‘in tufayli xonadonning 25 kvadrat- metr maydoni, shift qismi va uydagi jihozlar to‘la yonib ketgan.
Oltinko‘l tumani Mehnat mahallasida joylashgan ishlab chiqarish sexida yuzaga kelgan yong‘in natijasida binoning 200 kvadrat-metr maydoni, shift va tom qismi, qayta ishlashga tayyorlab qo‘yilgan ikkilamchi xom ashyolar yonib ketgan. Voqea joyiga 10 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji jalb etilib, 16 daqiqa ichida yong‘in bartaraf etilgan.
Ayni kunda yong‘inning kelib chiqishi sabablari va ko‘rilgan moddiy zarar miqdori o‘rganilmoqda.
Sodir bo‘lgan hodisalardan fuqarolarning kuyish, tan jarohati olish va halok bo‘lish holatlari qayd etilmadi.
Shu kunlarda Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari tomonidan aholi va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar mutasaddilari o‘rtasida yong‘in xavfsizligi qoidalariga amal qilish, nosoz elektr jihozlardan foydalanmaslik, elektr simlari holatini nazorat qilish, qishning sovuq kunlarida hushyorlikni oshirish yuzasidan muntazam tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA