Ayollarga keng qulayliklar yaratilmoqda
Oliy ma’lumotli mutaxassis, bunyodkor va ijodkor bo‘lgan bugungi O‘zbekiston xotin-qizlari o‘zining mehnatkashligi, iqtidori va salohiyati bilan ulkan natijalarga erishmoqda.
Oliy ma’lumotli mutaxassis, bunyodkor va ijodkor bo‘lgan bugungi O‘zbekiston xotin-qizlari o‘zining mehnatkashligi, iqtidori va salohiyati bilan ulkan natijalarga erishmoqda. Ayni paytda ular oila va jamiyatimizda tinchlik, totuvlik, farovonlik va hamjihatlikni ta’minlashdek mas’uliyatli vazifalarni o‘zining nozik yelkasida ko‘tarib kelmoqda.
Mamlakatimizda xotin-qizlarning o‘z ijodiy va ma’naviy salohiyatini yuksaltirish, iste’dod va intilishlarini yuzaga chiqarish uchun barcha sharoit yaratib berilmoqda. Davlatimiz xotin-qizlarning nafaqat zamonaviy bilim olishi, kasb egallashi va salomatligini mustahkamlashi, sog‘lom farzandlarni dunyoga keltirishi, balki oila va ro‘zg‘or yumushlarini yengillatish borasida katta g‘amxo‘rlik ko‘rsatmoqda.
O‘zbekistonda sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi amalga oshirilayotgani tufayli yurtimizda har bir oilaning og‘irini yengil qiladigan yangi avlod maishiy texnika vositalari ishlab chiqarilayotir.Holbuki, yaqin-yaqinlargacha onalarimiz va buvilarimiz nafaqat chang, balki dog‘larni tozalab, gilamni ham yuvadigan changyutgichlar, kirni o‘zi yuvib, o‘zi dazmollaydigan avtomat kir yuvish mashinalari, atigi bir necha daqiqada taomni isitib beradigan mikroto‘lqinli pechlar haqida tasavvur ham qilmagan.
Ilgari faqat orzu qilish mumkin bo‘lgan bunday maishiy texnika vositalari bugun har bir oilaning oddiy dastyoriga aylandi. Bu borada o‘tkazilgan so‘nggi tadqiqot natijalariga ko‘ra, ayni paytda mamlakatimizda oilalarning 94 foizi muzlatgich, 84 foizi oshxona elektr jihozlari, 63 foizi kir yuvish mashinalari, yarmidan ko‘pi komputer, changyutgich va mikroto‘lqinli pechlar, uchdan bir qismi esa konditsionerlardan foydalanmoqda.
E’tiborli tomoni shundaki, ushbu texnikalarning aksariyati yurtimiz korxonalarida tayyorlanmoqda. Bugungi kunda “O‘zeltexsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi tizimida turli mulkchilik shaklidagi 36 korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning o‘n yettitasi «Shivaki», «Samsung», «Artel», «Sino», «Midea», «TCL», «Panda» savdo belgisi ostida o‘nlab turdagi televizor, muzlatgich, konditsioner, mikroto‘lqinli pech, gaz va elektr plitalari, changyutgichlar, mobil telefonlar ishlab chiqarmoqda.
Masalan, poytaxtimizdagi «Eko Elektron» va «Martensit Investment» sho‘ba korxonalarida texnik ko‘rsatkichlari va rangi bilan ajralib turadigan «Artel» gaz plitalarining olti turi – «Comida», «Solana», «Fresco», «Gusto», «Appetito» va «Maestro» ishlab chiqarilmoqda. «Dream Production» qo‘shma korxonasining ishlab chiqarish maydonlarida «Montana», «Gloriya», «Aurora» rusumidagi «Artel» konditsionerlari tayyorlanayotir. «White Machine Technology» O‘zbekiston-Britaniya qo‘shma korxonasi va «Sky Wind Systems» qo‘shma korxonasida «Samsung» changyutgichlari hamda suyuq kristall ekranli «Artel» televizorlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
– Maishiy texnika vositalariga talabning ortib borayotgani ishlab chiqarishni kengaytirishni taqozo etmoqda, – deydi «O‘zeltexsanoat» aksiyadorlik kompaniyasi boshqarma boshlig‘i Xurshid Yusupov. – Xususan, o‘tgan yili mamlakatimiz korxonalari tomonidan «Artel» brendi ostida 70 mingta muzlatgich, 160 ming LED televizori, 100 mingdan ziyod avtomat va yarim avtomat kir yuvish mashinasi, 65,2 mingta konditsioner, 530 mingdan ortiq mobil telefon, 140 mingta changyutgich va 165 mingta turli oshxona maishiy texnikalari yetkazib berildi. Joriy yilda bu raqamni ko‘paytirish rejalashtirilmoqda. Negaki, iste’molchilarimiz sifati va dizayni bo‘yicha xorijnikidan qolishmaydigan, eng muhimi, narxi arzon O‘zbekiston mahsulotlarini afzal ko‘rmoqda.
Yurtimizda ishlab chiqarilayotgan maishiy texnika vositalari mamlakatimiz tashqarisida ham xaridorgir bo‘lib bormoqda. Turli xil elektr maishiy texnika mahsulotlari qator MDH davlatlariga eksport qilinmoqda.
Buning samarasida mamlakatimiz korxonalari ishlab chiqarish hajmini kengaytirib, yangi turdagi yuqori texnologik mahsulotlar tayyorlashni yo‘lga qo‘ymoqda. Yaqinda «Zenith Electronics» qo‘shma korxonasida yengil yorug‘lik diodi asosida o‘zini o‘zi boshqaradigan ekranli «D-LED» televizion qabul qilish moslamasini tayyorlash o‘zlashtirildi. «Martensit Investment» qo‘shma korxonasida esa maishiy texnika, shuningdek, elektr pechlar uchun butlovchi buyumlar ishlab chiqarilmoqda.
«O‘zeltexsanoat» aksiyadorlik kompaniyasidan ma’lum qilishlaricha, 2015-yilda mamlakatimiz korxonalarida yangi rusumdagi 24, 32,42 dyuymli TV LED televizorlarini ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda. Yiliga 107,1 mingta shunday televizor ishlab chiqariladi. «Oniks Tashkent» mas’uliyati cheklangan jamiyatida natriy-kalsiy shishasidan buyum va idishlar, maishiy yoritgichlar ishlab chiqarish rejalashtirilayotir. Joriy yilda «Sino Eko Plast» mas’uliyati cheklangan jamiyatida yaxna ichimliklar, havo harorati va namligini o‘zgartiradigan dvigatel hamda moslamali ventelyator bilan jihozlangan havoni shamollatish qurilmalari ishlab chiqarish o‘zlashtiriladi. «Thermo Water Electric» mas’uliyati cheklangan jamiyatida esa elektr suv isitgichlar ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi.
Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan bunday maishiy texnika vositalarini maxsus do‘konlar, bozorlar, yuqori texnologiyali texnika vositalarini sotish bo‘yicha muntazam faoliyat ko‘rsatadigan yarmarkalardan xarid qilsa bo‘ladi.
Shunisi e’tiborliki, maishiy texnika vositalarini onlayn rejimda sotish ham yo‘lga qo‘yilgan. Masalan, www.artelmarket.uz saytida keng turdagi maishiy texnika vositalari taqdim etilgan. Uydan chiqmasdan turib, ushbu sayt orqali buyurtma berish va tovar yetkazib berilgach, uning haqini to‘lash mumkin.
Muxtasar aytganda, mamlakatimizda ayollarimiz uchun oila va ro‘zg‘or yumushlarini tez va oson bajarish, o‘zi hamda yaqinlariga ko‘proq vaqt ajratishga yordam beradigan maishiy texnika vositalari ishlab chiqarilmoqda. Bu esa ayollarimizning hayotdan mamnun holda baxtiyor umr kechirishi uchun xizmat qiladi.