Ayollar uchun real biznes imkoniyatlari yaratiladi
Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida ayollar kun tartibi va tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga bag‘ishlangan panel sessiya o‘tkazildi.
Mahalliy va xorijiy mutaxassislar, ayol tadbirkorlar ishtirok etgan tadbirda gender jihatlarini hisobga olgan holda sarmoya kiritish, ayollar iqtisodiy faolligini rag‘batlantirish hamda bunday tashabbuslarning ijtimoiy samaradorligi muhokama qilindi.
Tadbirda so‘zga chiqqan “Acwa” kompaniyasining O‘zbekistondagi rahbari Jon Zaidi va “Hamroh” ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash tashkiloti bosh direktori Dilfuza Nurmatova ayollarning biznes sohasidagi faolligini oshirish yangi ish o‘rinlari yaratish, oilalar farovonligini mustahkamlash hamda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Qayd etilganidek, bu nafaqat iqtisodiy mantiq, balki ijtimoiy zarurat hamdir. Tadqiqotlarga ko‘ra, ayollar tadbirkorligi yuqori ijtimoiy qaytarimga ega bo‘lib, ular o‘z daromadlarining katta qismini oila ehtiyojlari, xususan, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalariga yo‘naltiradi. Taqqoslash uchun, erkaklarda bu ko‘rsatkich o‘rtacha 30-40 foizni tashkil etadi. Shu bois, ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash va inson kapitalini rivojlantirishning muhim omili sifatida baholanadi. “Acwa” kompaniyasining ushbu yo‘nalishdagi ishtiroki ham aynan shu maqsadlarga qaratilgan strategik investitsiya sifatida ko‘rilmoqda.
Shu nuqtai nazardan, yangi tashabbus moliyaviy yordam berishdan ko‘ra bozor imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Xususan, “Acwa” kompaniyasi o‘z loyihalari doirasida ayollar boshqarayotgan korxonalarni xizmatlar va ta’minot zanjirlariga faol jalb etishni rejalashtirmoqda.
Hamkorlik doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent, Samarqand va Buxoro viloyatlarida amalga oshirilayotgan qayta tiklanuvchi energiya loyihalari qamrab olinadi. Ushbu loyihalar doirasida logistika, transport, ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish kabi sohalardagi buyurtmalar “Hamroh” tavsiyasi asosida ayol tadbirkorlarga yo‘naltiriladi.
– Biz uchun ayollarga biznesni boshlashda shunchaki yordam berish emas, balki uning o‘sishi va barqaror rivojlanishi uchun sharoit yaratish muhim. “Acwa” bilan hamkorlik qo‘llab-quvvatlashning yangi bosqichini boshlab beradi. Endi tadbirkor ayollar bir martalik yordam emas, balki haqiqiy buyurtmalar va uzoq muddatli imkoniyatlarga ega bo‘ladi. Bu esa ularga biznes kelajagini ishonch bilan rejalashtirish va hududlarda yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi, – dedi D.Nurmatova.
Jon Zaidining ta’kidlashicha, hamkorlikning asosiy maqsadi ayollar biznesini yirik investitsiya loyihalari bilan bog‘lash asnosida ularning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat.
– Biz ongli ravishda bir martalik moliyaviy yordam modelidan voz kechmoqdamiz. Bizning yordamimiz ayollar biznesini eng yirik loyihalarimiz doirasida real buyurtmalar bilan ta’minlashdan iborat. Soddalashtirilgan mexanizmlar va uzoq muddatli shartnomalar orqali tadbirkor ayollarni ta’minot zanjirlariga integratsiya qilib, ularga yuqori xalqaro standartlarga javob beradigan biznesni shakllantirishda ko‘maklashamiz. Ushbu hamkorlik energetika sohasida mahalliy xizmatlar bozorini rivojlantirish uchun mustahkam poydevor bo‘ladi, – dedi u.
Tadbir doirasida “Acwa” kompaniyasi va “Hamroh” ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash tashkiloti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat grantlar asosidagi an’anaviy yondashuvdan voz kechib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri biznes hamkorlik modeli orqali ayollar uchun real iqtisodiy imkoniyatlar yaratishni nazarda tutadi.
Memorandum doirasida tadbirkor ayollar uchun qulay shart-sharoit yaratishga qaratilgan “yashil yo‘lak” tizimi ham joriy etiladi. Unga ko‘ra, vositachilar ishtirokisiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuziladi, komplayens jarayonlari soddalashtiriladi va hamkorlik uch yillik barqaror sikllar asosida yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, malaka oshirish va o‘quv dasturlarini tashkil etish ham rejalashtirilgan.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA