Ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashda yangi bosqich
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 18-avgust kuni Xiva shahrida mamlakat tadbirkorlari bilan o‘tkazgan ochiq muloqoti O‘zbekistonda xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, biznes uchun yanada qulay muhit yaratish va tadbirkorlikni yangi bosqichga olib chiqish borasida muhim qadam bo‘ldi.
Xiva muloqotida belgilab berilgan vazifalar, ayniqsa, xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb etish va ularning biznesini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi. Mamlakatimizda tadbirkor ayollar nafaqat oila farovonligi, balki yangi ish o‘rinlari yaratish, mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish, eksport salohiyatini oshirish va hududlar iqtisodiy taraqqiyotida ham muhim o‘rin egallamoqda. Shu nuqtai nazardan, Prezidentimizning Xivadagi ochiq muloqotida tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslarini juda muhim deb hisoblaymiz.
Ayniqsa, yangi tadbirkorlar uchun “Biznes start”, ishlab chiqarishini yo‘lga qo‘yganlar uchun “Biznes lift”, keyingi o‘sish bosqichidagi tadbirkorlar uchun “Biznes yuksalish” dasturlarining joriy etilishi biznesni qo‘llab-quvvatlashning kompleks tizimini shakllantiradi. “Biznes start” doirasida sun’iy intellekt yordamida biznes-reja va kredit hujjatlarini tayyorlash, hisobot yuritishni o‘rgatish, shuningdek, 200 million so‘mgacha garovsiz kredit berish mexanizmining yo‘lga qo‘yilishi boshlovchi tadbirkorlar uchun ayniqsa ahamiyatlidir.
Mazkur imkoniyatlardan xotin-qizlarning samarali foydalanishi uchun ularga nafaqat moliyaviy resurs, balki bilim, ko‘nikma, mentorlik va bozorga chiqish bo‘yicha amaliy ko‘mak ham zarur. Biz doimo shu fikrni ilgari surib kelamiz: ayolga kredit berishning o‘zi yetarli emas. Unga biznesni qanday boshlash, mahsulot tannarxini hisoblash, raqamli texnologiyalardan foydalanish, marketing va eksportni yo‘lga qo‘yishni ham o‘rgatish kerak. Shu ma’noda, tadbirkorlikni boshlashdan tortib uni yirik biznesga aylantirishgacha bo‘lgan yaxlit ekotizim yaratilishi juda muhim.
Yangi tashabbuslar orasida kichik biznes uchun kredit olishda garov talablarini yengillashtirishga qaratilgan “kontr-kafolat” tizimi ham alohida ahamiyatga ega. Bu imkoniyatlar, ayniqsa, katta moliyaviy kafolatga ega bo‘lmagan, ammo istiqbolli biznes g‘oyasi va bozor salohiyati bor bo‘lgan xotin-qizlar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Muloqotdan kelib chiqqan holda “Tadbirkor ayol” assotsiatsiyasi ayollar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni ichki va tashqi bozorlarga olib chiqish, ularning elektron tijorat va xalqaro marketpleyslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishni muhim vazifalardan biri sifatida ko‘rmoqda.
Endi asosiy vazifa yaratilgan imkoniyatlarni amaliyotga samarali tatbiq etish, ayniqsa, hududlardagi xotin-qizlarning biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Xiva muloqoti biz, tadbirkorlar uchun nafaqat yangi imtiyoz va imkoniyatlar, balki katta mas’uliyat ham yuklaydi.
Bu jarayonda xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish, ularning moliyaviy va raqamli imkoniyatlarini kengaytirish hamda har bir hududda ayollarning iqtisodiy faolligini oshirish “Yangi O‘zbekiston”ning iqtisodiy taraqqiyot maqsadlariga xizmat qiladi.
Xivadagi muloqotda aytilganidek, mamlakat iqtisodiyotining barqaror o‘sishi, yangi yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratish va eksportni ko‘paytirish uchun tadbirkorlar yangi g‘oyalar, texnologiyalar, mahsulotlar va bozorlarni o‘zlashtirishi zarur.
Bu vazifalarni amalga oshirishda O‘zbekiston tadbirkor ayollarining ham munosib hissasi bor va bundan keyin ham ularning salohiyatini kengaytirish, bizneslarini yangi bosqichga olib chiqish, raqamli texnologiyalardan keng foydalanish, ishlab chiqarishga sun’iy intellektni joriy qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish, xotin – qizlarning jamiyat va oiladagi statuslarini oshirish bizning asosiy vazifamiz bo‘lib qolaveradi.
“Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon
ayollar assotsiatsiyasi raisi Gulnora Mahmudova