Ayollar tadbirkorligi – yurt farovonligi
Poytaxtimizda qishloq ayollarining iqtisodiy ahvolini yaxshilash va xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishga bag‘ishlangan konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida O‘zbekistonning bir necha hududlaridan ming nafardan ortiq ayollar ishtirokida opa-singillarimizning iqtisodiy ahvolini yaxshilash va qishloq joylarda xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishga oid loyiha natijalari taqdim etildi. Loyiha Yaponiya hukumati va Jahon banki ko‘magida amalga oshirilmoqda.
Anjumanda tadbirkor ayollar, davlat idoralari, jamoat tashkilotlari va tadbirkor ayollar uyushmalarining vakillari ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilariga joriy yilning iyul oyida yakunlanishi rejalashtirilgan “Qishloq joylarda ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish“ loyihasi natijalari taqdim etildi. Loyiha 2021 yilda Yaponiya hukumati va Jahon banki ko‘magida boshlangan. Xususan, Yaponiya ijtimoiy rivojlanish jamg‘armasi loyiha uchun 2,7 million AQSH dollaridan ortiq grant mablag‘larini taqdim etdi.
Ajratilgan mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasiga Farg‘ona va Jizzax viloyatlarining 56 ta qishloq punktlarida ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, opa-singillarimizning iqtisodiy ishtirokini kuchaytirishga oid kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish imkonini berdi.
[gallery-22741]
Loyihaning maqsadli auditoriyasi kam ta’minlangan oilalar ayollari, oila boshliqlari, nogiron ayollar, shuningdek nogiron bolalarning onalari bo‘ldi. Loyiha doirasida 1000 nafardan ortiq ayol tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘yicha treninglarda qatnashdi. Natijada ular o‘z bizneslarini boshlash va rivojlantirish uchun zarur maslahatlar, salmoqli miqdordagi grantlar oldi.
Loyiha ishtirokchilari o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlik faoliyati sohalariga quyidagilar kiradi: tikuvchilik, asalarichilik, chorvachilik va parrandachilik, non mahsulotlari, shakar, sovun, paypoq, umumiy ovqatlanish xizmatlari, bolalar bog‘chalarini ochish va idishlarda qadoqlangan ichimlik suv ishlab chiqarish.
Konferensiya davomida loyiha tufayli tadbirkorlik faoliyatini boshlagan ayollar o‘zlarining muvaffaqiyatlari bilan o‘rtoqlashdi. Ta’kidlandiki, o‘z biznesning yo‘lga qo‘yilishi qishloqlarda yangi ish o‘rinlari yaratish, mahalliy aholini talab qilinadigan tovarlar va xizmatlar bilan ta’minlash, oilalarining iqtisodiy farovonligini oshirish imkonini berdi.
Tadbir davomida ishtirokchilar O‘zbekistonda xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha kelgusidagi chora-tadbirlarni muhokama qildi. Kredit resurslaridan foydalanishni osonlashtirish va biznesning muayyan turlarini ishga tushirish uchun zarur bilimlar masalalari ko‘tarildi.
Jahon banki ekspertlari tinglovchilarga biznesni boshlash va rivojlantirishga doir ayollar tadbirkorligi va xotin-qizlarning o‘zaro yordam guruhlarini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro tajribani taqdim etdi. Xususan, dunyodagi eng ko‘p tadbirkor ayollarga ega mamlakat bo‘lgan Hindiston misolida ayollar tadbirkorligi misol tariqasida muhokama etildi.
“Qishloq ayollarining iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish“ mavzusidagi xalqaro anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova so‘zga chiqdi.
Nazokat Usmonova, Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA