Ayollar sud zalidan ozod qilindi
Qamalganlar oppoq emas, ammo ular ham odam. Bunday shaxslar jazo muddati tugamaguncha yoki biror sabab bilan ozod etilmaguncha barcha huquqlardan mahrumdir. Hatto u ona boʻlsa ham, ruxsatsiz bolasini bagʻriga bosa olmaydi.
Qamalganlar oppoq emas, ammo ular ham odam. Bunday shaxslar jazo muddati tugamaguncha yoki biror sabab bilan ozod etilmaguncha barcha huquqlardan mahrumdir. Hatto u ona boʻlsa ham, ruxsatsiz bolasini bagʻriga bosa olmaydi.
Jazo muddatini oʻtayotgan bir guruh ayollarning ishi sudda qayta koʻrib chiqilar ekan, bungacha ular sudning “qora kursisi” joylashgan xonachaga olib kirilib, ustidan qulf uriladi. Bu xonalar koʻpchilik sudlarda temir panjarali, ayrimlarida oynavand qilib yasalgan.
Bu safar Oliy sud sud zalidagi oynavand xonada 20 chogʻli mahkuma oʻtirar, gʻamgin nigohlari zalga toʻplanganlar ichidan yaqinlarini, ayniqsa, farzandlarini qidirardi... Eh, bu intizor nigohlar uchun shu daqiqalarda dunyo oʻz yoʻliga, faqat diydor muhim.
Sud jarayoni boshlandi. Oliy sud raisining oʻrinbosari, Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati raisi Ikrom Muslimov raisligida oʻtgan sud majlisida har bir mahkuma boʻyicha ish koʻrib chiqilar ekan, ismi-sharifi aytilgan ayol borki, koʻziga yosh olib soʻzni tazarrudan boshlardi.
Bosh prokuror oʻrinbosari Svetlana Ortiqova mahkumalar haqida fikr bildirganda, ayollarning ona ekaniga urgʻu berib, qilmishidan pushaymon shaxslarga imkon berish nuqtayi nazaridan ularning jazosini yengillashtirishni soʻradi.
Xotin-qizlar qoʻmitasi vakili esa ayollarning kafillikka olinishini, ular qayta jinoyat sodir qilmasligi uchun barcha choralar koʻrilishini qayd etdi.
Sojida Toshmatovaning jinoyat ishi qayta koʻrib chiqilgach, uning qilmishidan chin koʻngildan pushaymon ekanligi, xatosidan toʻgʻri xulosa chiqargani inobatga olinib, unga tayinlangan jazo yengilrogʻiga almashtirildi. Yaʼni u sud zalidan qamoqdan ozod etildi.
Ozod boʻlgan ayolning birinchi qilgan ishi sud zalida oʻtirgan oʻgʻlini bagʻriga bosish boʻldi. Diydor, koʻz yoshlar...
1971-yilda Samarqand shahrida tugʻilgan Sojida Toshmatova 2009-yil noyabr oyida sud hukmiga koʻra 10 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Uning qamoqxonada oʻtgan oʻn yilida onasiz toʻylar boʻldi, buvi mehrisiz nabiralar tugʻildi, eng yomoni, jufti halolining rozi-rizoligini soʻray olmagan holda oila boshligʻi yorugʻ dunyoni tark etdi.
– Xalqimni zaharlaganim uchun meni otib tashlashsa ham kam edi, aslida, – deydi Sojida Toshmatova. – Lekin menga bagʻrikenglik koʻrsatilib, kechirib, ertaroq ozodlikka chiqarishdi. Buning uchun shu imkonni bergan davlatimizdan, Prezidentimizdan minnatdorman. Narkotik savdosi tufayli ikkinchi marta qamalganim menga juda qimmatga tushdi. Yetti farzandim juda uzoq vaqt ona mehrisiz, suyanchisiz qoldi. Bu koʻrgulikni koʻtara olmagan turmush oʻrtogʻim ikki yil avval vafot etdi. Shunday ogʻir paytda oilamning yonida boʻla olmadim. Bu pushaymonlar koʻzimni ochdi. Inson faqat halol yoʻldan yursa, qoqilmas ekan. Onaga mol-dunyo emas, oilasining tinchi kerak ekan. Bir burda nonini bolalar bilan birga baham koʻrsa, shu ekan hayot quvonchi. Berilgan imkondan foydalanib, endi halol mehnat qilib yashashni maqsad qildim.
Aytib oʻtish kerakki, davlatimiz rahbarining insonparvarlik va bagʻrikenglikka yoʻgʻrilgan siyosati tufayli turli xil sabablar bilan toʻgʻri yoʻldan adashgan, jinoiy qilmishlarga qoʻl urgan boʻlsa-da, xatosini tushunib, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan ayollarga yengillik berilmoqda, ular jazodan muddatidan oldin ozod qilinib, oilasi, farzandlari bagʻriga qaytarilayotir.
Bu ezgu ishlarni amalga oshirishda 2018-yil 20-iyulda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi oʻrtasida imzolangan memorandum ham muhim oʻrin tutmoqda.
Mazkur memorandum doirasida joriy yilning oʻtgan toʻqqiz oyida 148 nafar ayolga Xotin-qizlar qoʻmitasi kafilligi asosida ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo tayinlandi.
Oliy sudda oʻtkazilgan navbatdagi ochiq sud majlisida jazoni oʻtash muassasasida jazo oʻtayotgan 22 nafar ayolning nazorat tartibida bergan shikoyat arizasi koʻrib chiqildi. Mahkuma ayollar jazoning asosiy qismini oʻtagani, qilmishidan chin koʻngildan pushaymonligi, jazoni oʻtash jarayonida ijobiy jihatlarini namoyon etib, muassasa rahbariyatining tashakkurnomasini olgani eʼtiborga olindi.
Sud ajrimi bilan sodir etgan jinoyati uchun tayinlangan jazoning asosiy qismini oʻtagani, qilmishiga iqror va pushaymon boʻlgani, yoshi hamda Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi
ning kafolati xati inobatga olinib, 22 nafar ayolga nisbatan tayinlangan jazolar qonunda belgilangan tartibda qisqartirildi. Shundan 20 nafar ayol qisqartirilgan jazo muddatini oʻtab boʻlgani sababli sud zalidan qamoqdan ozod etildi va oilasi bagʻriga qaytarildi.