«Ayollar maslahat kengashi» – ayollarga ko‘makchi
Mamlakatimizdagi barcha mahallalarda «Ayollar maslahat kengashi» tashkil etildi. Uning faoliyat yo‘nalishi qanday? Qanday maqsad va vazifalarni ko‘zlaydi?
Shu kabi savollar bilan O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari Gulnora Marufovaga murojaat qildik.
– Yurtimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga katta e’tibor qaratilmoqda, – deydi G.Marufova. – "Ayollar maslahat kengashi" ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarning muammolarini o‘rganish va hal etishga ko‘maklashish, oilalarni mustahkamlash va ularning farzand tarbiyasidagi rolini hamda ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan maslahatlar berishdek maqsadni ko‘zlaydi.
Shuningdek, “odobli qiz”, “iffatli kelin”, “ma’rifatli ayol” g‘oyalarini keng targ‘ib etish maqsadida har bir mahallada tashkil etildi. Kengash xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoyalash, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi roli va faolligini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga e’tibor qaratadi.
Shu jihatdan tuman (shahar) xotin-qizlar jamoatchilik kengashi bilan hamkorlikda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar va islohotlarning mazmun-mohiyatini targ‘ib qilish, xotin-qizlarning huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan tadbirlar o‘tkazish, xotin-qizlarning muammolarini o‘rganish, yordamga muhtoj va og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan ayollarga o‘z vaqtida ijtimoiy-huquqiy, psixologik va moddiy yordam ko‘rsatish yuzasidan fuqarolar yig‘ini kengashi hamda tuman (shahar) xotin-qizlar jamoatchilik kengashiga takliflar kiritish bo‘yicha ish olib boradi.
Ayollarga huquqiy, ma’naviy-axloqiy, pedagogik, psixologik va tibbiy maslahatlar berish orqali ularning oilalarni mustahkamlash va farzand tarbiyasidagi rolini oshirish, ayollar muammolari o‘z vaqtida bartaraf etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga ahamiyat qaratadi.
Kengash o‘z vazifalarini bajarishda quyidagi huquqlarga ega: xotin-qizlar, shu jumladan, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning murojaatlarini ko‘rib chiqish va ularning muammolarini hal etishga ko‘maklashish, xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxldor masalalarni har tomonlama tahlil qilish, ularni bartaraf etishning eng maqbul yo‘llarini aniqlash maqsadida anketa so‘rovlari o‘tkazishi mumkin. O‘tkazilgan tadbirlar yakunlari bo‘yicha taklif va tavsiyalar tayyorlab, ularni fuqarolar yig‘ini kengashi hamda tuman (shahar) xotin-qizlar jamoatchilik kengashiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etadi.
Oilalar va xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni amalga oshiruvchi tashkilot va idoralar bilan maqsadli aloqalar o‘rnatish, xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi faktlari aniqlangan taqdirda, materiallarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborish uchun tuman (shahar) xotin-qizlar jamoatchilik kengashiga taqdim etish, zarur holatlarda Kengash faoliyatiga malakali mutaxassislarni jalb etish, o‘z Nizomida belgilangan vazifalari doirasida tashabbuslar ko‘rsatishi mumkin. O‘z yo‘nalishi bo‘yicha seminar, trening, uchrashuvlar, davra suhbatlari, ko‘rik-tanlovlar va boshqa tadbirlarni o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan.
"Ayollar maslahat kengashi" xotin-qizlar, ayniqsa, yordamga muhtoj va og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan ayollar uchun nazarda tutilgan imtiyozlar haqidagi qonun hujjatlarining ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini ham amalga oshiradi.
Kengash tarkibiga fuqarolar yig‘ini raisining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma’naviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mutaxassis, mahallada istiqomat qiladigan hamda boy hayotiy va amaliy tajribaga ega, ayollarning muammolaridan yaqindan xabardor bo‘lgan, faol hamda tashabbuskor, aholi orasida obro‘-e’tiborga ega xotin-qizlar, ziyoli onaxonlar, tadbirkor ayollar, hududdagi ta’lim va tibbiyot muassasalarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar, otinoyilar kiritilishi mumkin.
Kengash faoliyatiga, qoida tariqasida, fuqarolar yig‘ini raisining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma’naviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari rahbarlik qiladi. Kengashning ish faoliyati individual suhbat, individual maslahat (ta’lim olish, ish faoliyatidagi muammolar, shaxslararo munosabatlar, shaxsiy muammolar bo‘yicha), anketa so‘rovi, psixologik tashxislash, psixologik, pedagogik va huquqiy maslahat, psixologik korreksiya tarzida olib boriladi. Mamlakatimizning har bir mahallasida bunday tuzilma faoliyat boshlagani ayollarga bo‘lgan e’tibor, hurmat, amaliy g‘amxo‘rlikning yana bir yorqin namunasidir.
O‘zA muxbiri
Nazokat Usmonova yozib oldi.