Ayollar liderligini rivojlantirish – barqaror taraqqiyot omili
O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida izchil amalga oshirilmoqda. So‘nggi yillarda mazkur sohada qabul qilingan qator normativ-huquqiy hujjatlar xotin-qizlarning jamiyat va davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish, ularning huquq va imkoniyatlarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Natijada gender siyosati deklarativ tamoyildan amaliy natijalar berayotgan tizimli jarayonga aylanib bormoqda.
Bu kabi yondashuvlar bugungi kunda suv ta’minoti sohasida ham izchil joriy etilmoqda. Jumladan, “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan gender tenglik tizim rivojining strategik ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilanib, xotin-qizlarning professional salohiyatini rivojlantirish va ularning rahbarlik lavozimlaridagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu maqsadda jamiyat boshqaruvi tomonidan xalqaro hamkorlik asosida amaliy seminar tashkil etildi. Unda Jahon banki, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti mutaxassislari ishtirok etdi. Tadbir gibrid formatda o‘tkazilib, Toshkent shahri va viloyatidagi ishtirokchilar an’anaviy tarzda, hududiy korxonalar vakillari esa onlayn platforma orqali qatnashdi.

Seminarning asosiy maqsadi jamiyat va uning hududiy korxonalarida faoliyat yuritayotgan rahbar xotin-qizlarning liderlik ko‘nikmalarini rivojlantirish, ularning sohadagi rolini mustahkamlash hamda professional o‘sish uchun zarur institutsional mexanizmlarni shakllantirishdan iborat bo‘ldi.

Tadbirni ochib bergan boshqaruv raisi o‘rinbosari Nodir Xo‘jamov gender siyosati suv sohasining barqaror rivojlanishida muhim omil ekanini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, suv ta’minoti tizimining samaradorligi, avvalo, malakali va tashabbuskor kadrlar salohiyatiga bog‘liq bo‘lib, xotin-qizlarning boshqaruv jarayonlaridagi faol ishtirokini ta’minlash korporativ rivojlanishning muhim shartlaridan hisoblanadi.

Seminar davomida xalqaro ekspertlar tomonidan aholi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomalar natijalari asosida suv xizmatlari ko‘rsatishda gender omillarining ahamiyati yuzasidan tahliliy ma’lumotlar taqdim etildi. Shuningdek, sohada amalga oshirilayotgan tashabbuslar, erishilgan natijalar va istiqboldagi vazifalar haqida mutaxassislar tomonidan batafsil taqdimotlar o‘tkazildi.

Interaktiv shaklda tashkil etilgan muhokamalar, guruh ishlari va ochiq muloqotlar ishtirokchilarga o‘zaro tajriba almashish, dolzarb muammolar yuzasidan amaliy yechimlar ishlab chiqish hamda yangi tashabbuslarni ilgari surish imkonini berdi.

Ta’kidlash joiz, gender tenglikni ta’minlash nafaqat ijtimoiy adolat tamoyili, balki iqtisodiy va institutsional barqarorlikni ta’minlovchi muhim omil hisoblanadi. Ayniqsa, suv ta’minoti kabi strategik ahamiyatga ega tarmoqda xotin-qizlar liderligini qo‘llab-quvvatlash sohaning barqaror taraqqiyotiga xizmat qiladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda “O‘zsuvta’minot” AJ tizimida 28 mingdan ortiq xodim faoliyat yuritmoqda. Ularning 4 320 nafari xotin-qizlar bo‘lib, 85 nafari rahbarlik lavozimlarida samarali mehnat qilmoqda. Shuningdek, 88 nafar mutaxassisga oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish uchun tavsiyanomalar berilgani ularning bilim va ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qilmoqda.
Mazkur tashabbuslar suv ta’minoti sohasida gender tenglikni mustahkamlash, xotin-qizlarning liderlik salohiyatini yanada yuksaltirish hamda tarmoqning institutsional barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Nilufar Bozorova, O‘zA