Ayollar jinoyatchi bo‘lib qolmasin
Ayollarni mo‘’tabar zot, hayotimiz gultoji, deb ataymiz. Lekin afsuski, bugun ular ishtirokida huquqbuzarlik va jinoyatlar sodir etilayotganligi ko‘nglimizni xira qiladi.
Ayol nega jinoyatga qo‘l urmoqda? Qanday omillar uni ana shu yo‘lga boshlamoqda? Opa-singillarimizni jinoyat yo‘liga kirishiga nima majbur qilmoqda? Andijon tumani hokimligida Andijon viloyati IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, podpolkovnik N.Mo‘minova raisligida o‘tkazilgan tadbirda ayollar tomonidan sodir etilayotgan ma’muriy huquqbuzarlik va jinoyatlar muhokama qilindi, bu kabi salbiy holatlarning oldini olishga qaratilgan ishlar samaradorligini oshirish, opa-singillarimizga nisbatan tazyiq va zo‘ravonliklarga barham berish xususida atroflicha so‘z yuritildi.

Ichki ishlar tizimi mutasaddi xodimlari, mahalla fuqarolar yig‘inlarida faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar faollari ishtirokidagi yig‘ilishda olib borilayotgan ishlar, ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan joriy yilning birinchi choragida tumanda xotin-qizlar jinoyatchiligi ortib ketganligi qayd etildi.
Tadbirda ma’muriy yo‘nalishda sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklar tahlil qilindi. Kelgusida bu kabi holatlar kelib chiqishining oldini olish yuzasidan fikr va mulohazalar bildirilib, zarur vazifalar belgilab olindi. Jumladan, bu borada profilaktik va targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, ayniqsa, jinoyatchilikka moyilligi bor ayollar, nosog‘lom oilalar bilan ishlashga alohida e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, tadbirda mutaxassislar tomonidan ishtirokchilarga 2019 yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining "Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida"gi hamda "Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida"gi Qonunlarining mazmun-mohiyati haqida keng tushuntirishlar berildi.
Tadbir qatnashchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddi va mutaxassislardan batafsil javoblar oldi.
F. Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA