Ayollar biznesiga qanot — "She’s Next" global dasturi start oldi
O‘zbekistonda ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yana bir muhim tashabbus — "She’s Next" global dasturining birinchi bosqichi rasman start oldi.
Mazkur tashabbus 17 ta davlatni birlashtirgan xalqaro platforma doirasida amalga oshirilib, o‘zbekistonlik tadbirkor ayollar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Dastur ishtirokchilari ta’limiy kontentdan foydalanish, tajriba almashish va xorijiy hamkorlar bilan aloqalar o‘rnatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, loyiha raqamli transformatsiyani jadallashtirish va aholining moliyaviy hamda raqamli savodxonligini oshirishga ham xizmat qiladi.

“She’s Next” dasturining birinchi bosqichi “Boshlang!” shiori ostida yo‘lga qo‘yildi. Unda o‘z biznesini boshlagan yoki tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotgan xotin-qizlar 24-mayga qadar maxsus platforma orqali ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. Qatnashchilar uchun to‘rtta video dars va testlardan iborat o‘quv dasturi taqdim etiladi.

Dasturni muvaffaqiyatli yakunlagan ishtirokchilar o‘z biznes g‘oyalarini ekspertlar komissiyasiga taqdim etadi. Saralash natijalariga ko‘ra, 30 nafar finalchi tanlab olinadi va ular Toshkent shahrida o‘tkaziladigan Pitch Day tadbirida o‘z loyihalarini himoya qiladi. Yakunda 7 nafar g‘olibga o‘z biznesini boshlash yoki rivojlantirish uchun grantlar ajratiladi. Umumiy mukofot jamg‘armasi 22 ming AQSH dollarini tashkil etadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda qariyb 2,1 million ayol tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqda. Bu ko‘rsatkich so‘nggi yillarda keskin o‘sib, ayollarning iqtisodiyotdagi ulushi ortib borayotganini ko‘rsatmoqda.
“She’s Next” dasturi esa ana shu o‘sishni yanada qo‘llab-quvvatlash, ayollarning biznesdagi imkoniyatlarini kengaytirish va ularni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA