Ayol – oila, jamiyat va yurt tayanchi
2023 yil 21 dekabrdagi “Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining faoliyatini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoniga ko‘ra, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining bo‘ysunuvi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligidan Vazirlar Mahkamasiga o‘tkazildi.
Farmon bilan yurtimizdagi har bir ayol dardi bilan yonish, ularning yillar davomida o‘z yechimini topolmayotgan muammolariyu og‘riqlarini bartaraf etish, shuningdek, oilasi hamda jamiyatda kerakli ekanliklarini his etib yashashi uchun ularni ijtimoiy, iqtisodiy, ma’naviy hamda huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash ustuvor vazifa etib belgilandi.
2024 yildan boshlab xotin-qizlarimizni tadbirkorlikka yo‘naltirish, kasanachilik hamda hunarmandchilik yo‘nalishlarida ularni o‘qitish, tajribaga ega bo‘lib, o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan xotin-qizlarimizni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun bepul o‘quv kurslarini takomillashtirish tizimli yo‘lga qo‘yilishi ta’kidlab o‘tildi.
Shuningdek, “xotin-qizlar.uz” platformasi doirasida “Band bo‘lmagan xotin-qizlar” modulining yaratilishi esa eng olis qishloqlaru ovullarimizda yashayotgan, biror kasb va yoki hunar bilan band bo‘lmagan xotin-qizlarimizni ro‘yxatga kiritish hamda ularga amaliy yordam ko‘rsatish, bandligini ta’minlash ham asosiy vazifalardan etib belgilandi.
Xalqimizda oila muqaddas qo‘rg‘on hisoblanadi. Shu sabab ham ushbu farmonda yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, oilaviy nizolarning oldini olish, “urf”ga aylanib borayotgan zo‘ravonliklarni butunlay bartaraf etishga, oilaviy ajrimlarning oldini olish, shuningdek, er-xotin o‘rtasidagi munosabatlar chindan ziddiyatlarga hamda katta ko‘ngilsizliklarga olib keladigan bo‘lsa, sud tomonidan ajrimlarni soddalashtirgan holda tezlashtirishni, majburiy yashash oqibatida kelib chiqayotgan zo‘ravonliklarni yo‘q qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni kuchaytirish kerakligi ta’kidlab o‘tilgan.
Farmonda ko‘zda tutilgan masalalardan yana biri jamiyatda xotin-qizlar rolini oshirish, gender tenglik munosabatlarida me’yorni saqlab qolgan holda, sohaga tegishli bo‘lgan samarali ishlarni tashkil etish hamda muvofiqlashtirish lozimligi belgilab berildi. Oila va xotin-qizlar ilmiy-tadqiqot instituti negizida Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi.
Hech kimga sir emas, qon-qonimizga singib ketgan urf-odatlar, qadriyatlar, odob-axloq mezonlari bevosita oilada shakllanadi. Ulg‘ayib kelayotgan har bir yosh, avvalo, ota-onasidan, bobo-buvisidan mana shu mezonlar asosida ta’lim-tarbiya oladi.
Xalqimizda “Qush uyasida ko‘rganini qiladi”, degan naql bor. O‘z navbatida oilada shakllanib kelayotgan har bir inson jamiyatning asosiy bo‘g‘ini ekanligi, u ertaga kelajak poydevori bo‘lishi lozimligi, albatta, oilada singdirilib, uqtirib boriladi. Bugun davlat siyosati darajasiga ko‘tarilayotgan oila mezonlari – jamiyat mezonlari ekanligi yana bir bor isbotlanmoqda.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, oilani mustahkam ushlab turish, kelajak avlodni benuqson tarbiyalash bevosita onalarimiz, ayollarimiz, xotin-qizlarimizga bog‘liq ekanligi barchamizga ayon. Shunday ekan, biz avvalo, ma’nan yetuk, aqlan sog‘lom, fikratiyu siyratida dadillik ufurib turadigan, qat’iyat va sabr-matonatli qizlarimizni tarbiya qilmog‘imiz, ularni turli to‘fonlardan gul kabi asrab-avaylamog‘imiz lozim.
Milliy qadriyatlar asosida kamol topayotgan qizlarimizni bevosita ilmli qilish, ularni turli sohalarda o‘qitish, kasb-hunar egallashi, avvalo, o‘zi, oilasi uchun poydevor bo‘lsa, ikkinchi tomondan jamiyatda sog‘lom fikrlovchi shaxslarning ko‘payishiga sabab bo‘ladi. O‘z aytar so‘ziga ega bo‘lgan, bugun oilasi, mahallasiyu jamiyatda o‘rnini topib kelayotgan rahbar kadrlarning yuzaga kelishiga asosdir.
Oilada ham, jamiyatda ham har doim erkak kishi yetakchi ekanligini anglagan holda gender tenglik tamoyili asosida yetishib chiqayotgan kadrlarimizning ko‘payishi davlat rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki biz o‘z g‘ururiyu sha’nini himoya qilolgan To‘marislar, aql-zakovatda tengsiz bo‘lib, dunyo boshqaruvida barchani bo‘ysundira olgan Temuriylar saltanatining asosiy tirgagi, maslahatgo‘yi bo‘lgan Bibixonim, o‘z vafosiyu sadoqati bilan dunyoni lol qoldirgan Nodirayu Uvaysiylar avlodimiz. Yangi farmon, avvalo, o‘z qadr-qimmatini chuqur anglay olgan, u ham chiroyli baxtga munosib ekanligini his qilishi mumkin bo‘lgan, har doim Yurtboshimiz e’tibori va e’tirofida qadrlanib yashayotgan xotin-qizlarimiz safi kengayishiga sabab bo‘ladi.
Gulsanam Norova,
Navoiy viloyat Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi rahbari,
“Oqila ayollar” harakati a’zosi.
O‘zA