Ayol baxtli bo‘lsa, jamiyat baxtli bo‘ladi
Ayol – jamiyat gultoji, borliq ko‘zgusi, millat tarbiyachisi.
Uning mehr-muhabbati navnihollarni, ertamiz egalarining unib-o‘sishiga, kamol topishiga sabab bo‘ladi. Ayol baxtli bo‘lsa, jamiyat baxtli bo‘ladi. Xotin-qizlarni e’zozlagan, qadrlagan yurtning esa buguni va ertasi shubhasiz farovondir.
bugungi kunda davlatimiz tomonidan xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, jamiyatda nufuzini oshirish maqsadida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Bu xayrli ishlarning samarasini esa barcha opa-singillarimiz o‘z hayotlari, umr yo‘llari davomida his etishmoqda. Shu bilan birga ko‘rsatilayotgan mehr-muhabbatni yuksak baholab, barcha sohalarda o‘z bilim va salohiyatlarini ko‘rsatmoqda, jahon arenalarida davlatimiz bayrog‘ini yanada baland tutmoqda, yer yuzidagi eng mashhur, yirik kompaniyalarda mehnat qilib, salohiyatlarini namoyish qilmoqda.
Albatta, kelajagi buyuk, ertasi farovon bo‘lishini istagan xalq millat davomchilarini qay soha vakili bo‘lmasin ko‘ngli tinch, hayoti farovon bo‘lishi uchun harakat qiladi, munosib turmush kechirishlari uchun sharoit yaratadi. Bugun O‘zbekistonda xotin-qizlarning huquq-imkoniyatlarini kengaytirish, davlat boshqaruvi va jamiyatning barcha jarayonlarida ularning rolini oshirishga qaratilgan tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Bularning barchasi gender tenglik sohasida amalga oshirilayotgan davlat siyosatining asosiga aylangani ham hech birimizga sir emas. Davlat boshqaruvida ayollarni ko‘paytirish uchun yetakchi lavozimlarni egallashga qodir 15 ming nafardan ortiq xotin-qizlardan kadrlar zaxirasi shakllantirildi. O‘zbekiston tarixida ilk bor milliy parlamentdagi ayollar soni 32 foizga yetdi. Mamlakatdagi rahbarlik lavozimidagi ayollar soni esa 30 foizni ko‘rsatmoqda.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati ayollarni qo‘llab-quvvatlash, qizlarni oilaga tayyorlash, ularni millat tarbiyachisiga aylantirish bo‘yicha qator loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Xususan, o‘tgan yil davomida professor, dotsent ayollarning uslubiy qo‘llanmalari, ilmiy risolalari nashr ettirildi, “Ma’naviyat festivali” davomida o‘tkazilgan psixologik treninglar natijasida ko‘plab ajrim yoqasidagi oilalarning yarashuviga erishildi.
“Mening farzandim O‘zbekiston faxri” loyihasi doirasida 100 nafar iste’dodli, sportchi yoshlarning onalari taqdirlandi va boshqalarga o‘rnak sifatida ko‘rsatildi. Ma’naviy-ma’rifiy ishlarni amalga oshirish, yuksak ijtimoiy-ma’naviy muhitni shakllantirish borasidagi samarali faoliyati uchun 17 nafar xotin-qizlar “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Respublikamizning 4 ta hududida o‘tkazilgan “Maqom kechalari” konsert dasturlari davomida O‘zbekiston xalq artistlari, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlarlar bilan birga yosh iste’dod egalari, maqom yo‘nalishida tahsil olayotgan o‘quvchi qizlar ham bir sahnada qo‘shiq ijro etish imkoniga ega bo‘ldi. Bu ularga katta sahnaga chiqishlarida debocha bo‘lib xizmat qiladi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati tomonidan 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan “Ayolga ehtirom!” loyihasi doirasida jamiyat a’zolariga bayram kechasi tashkil etildi. Tadbirda jamiyatning faol a’zolari, el suygan san’atkorlar, professor-olimalar ishtirok etdi.
Tadbirni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi direktori Minhojiddin Hojimatov kirish so‘zi bilan ochib, barcha ayol-qizlarni bayram bilan qizg‘in qutladi. Elimiz suygan san’atkorlarning ayollarni madh etgan qo‘shiq-kuylari davraga fayz, ko‘tarinki ruh bag‘ishladi. Jamiyat a’zolari bo‘lgan muhtaram ayol-qizlarga esdalik sovg‘alari ulashildi.
Fayzullo Yahyoyev,
O‘zA