Aydarko‘l – dam olish uchun ajoyib tanlov(+video)
Mamlakatimiz hududida dasht va cho‘llar, osmono‘par tog‘lar, zilol suvli sharqiroq soylaru jo‘shqin daryolar, ko‘llar ko‘p. Ularning har biri o‘z go‘zalligi va tarovati bilan kishini o‘ziga rom etadi. Ana shunday maftunkor ko‘llardan biri Navoiy viloyatidagi Aydarko‘ldir.
Qizilqum sahrosi o‘rtasida joylashgan Aydarko‘lni mahalliy aholi sahroning feruza daryosi deb nomlaydi. Bunga sabab Nurotaning Oqtovi cho‘qqisidan qaraganda Aydarko‘l yerga ko‘m-ko‘k gilam to‘shab qo‘ygandek ko‘rinadi.
Chordara GESi qurilgach, 1969-1970 yillarda GES suv mo‘lligidan tosha boshlagan va to‘g‘on o‘pirilishining oldini olish uchun shlyuzlar ozgina ochilgan. Natijada suv Arnasoy pasttekisligiga oqa boshlab, keyinchalik Aydarko‘l hosil bo‘lgan. Aydarko‘l o‘tgan asrning o‘rtalariga qadar quruq yer bo‘lgan. Bahorda yog‘ingarchiliklar sabab esa bu yerda Tuzkon ko‘li hosil bo‘lib, kunlar isishi bilan bug‘lanib ketgan. Mazkur ko‘l Orol dengizidan keyin O‘zbekistondagi ikkinchi sho‘r ko‘l sanaladi.
Ko‘lning uzunligi sharqdan g‘arbga tomon 280-300 kilometrga, eni shimoldan janubga tomon 30-35 kilometrga cho‘zilgan. Ko‘lning umumiy maydoni 3 ming kvadrat kilometr bo‘lib, havzada deyarli 10 milliard kub metr suv to‘plangan. bugungi kunda ko‘l yuzasi 4 ming kvadrat kilometrni tashkil qiladi.
Bu ulkan suv havzasining vujudga kelishi bilan cho‘l zonasida yangidan-yangi tabiiy landshaftlar, o‘ziga xos o‘simlik va hayvonot dunyosi shakllandi. Ko‘l suvlarida ko‘plab baliq turlari va boshqa suv jonivorlari soni ortmoqda, juda ko‘plab suv qushlari dastlabki yillarda faqat qishlab qolgan bo‘lsa, endilikda yil bo‘yi shu yerda yashab qolishga moslashmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘l yurtimiz aholisining uchdan bir qismini baliq bilan ta’minlaydi.
Aydarko‘l aholi yashaydigan joydan uzoq bo‘lsada, dam olish uchun juda qulay hudud sanaladi. bugungi kunda Aydarko‘l atrofida dam olish hudulari qurilib, sayyohlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu yerda tabiat sukunatiga cho‘kib, ko‘l bo‘yida dam olish, toza va sovuq suvda cho‘milib, quyoshda toblanish mumkin. O‘tovlarda dam olib, tuyada sahro kezish ham mumkin. Ko‘l maydonida bir nechta ov xo‘jaligi tashkil etilgan bo‘lib, qo‘riqxona maydonidan tashqarida ov mavsumlari o‘tkazilib, yovvoyi o‘rdaklar, g‘oz, tustovuq, baliqlar va hatto, yovvoyi cho‘chqalar ovlashga ruxsat beriladi.
Xullas, Aydarko‘l atroflari bo‘ylab Nurota tumani hududining o‘zida 10 dan ortiq dam olish maskanlari tashkil etilgan bo‘lib, oilaviy dam olish uchun ham barcha sharoitlar yaratilgan.
<iframe width="1440" height="757" src="https://www.youtube.com/embed/WzCh060RLmI" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (video), O‘zA