Axborot hamkorlarimiz nigohida – Yangi O‘zbekiston
Mazkur ruknda O‘zAning xorijiy axborot hamkorlari sahifalarida e’lon qilinayotgan Yangi O‘zbekistonga oid xabarlar, kuzatuv va baholar berib borilmoqda. Bu jarayon nafaqat chet el media vakillari nuqtai nazarini, balki o‘lkamiz haqidagi haqqoniy tashqi qarashlarni ham umumlashtiradi. Shu tariqa mamlakatimizning taraqqiyot yo‘li, ochiq siyosati va islohotlari xalqaro axborot makonida qanday tahlil qilinayotgani haqida muayyan tasavvur hosil qilish mumkin.
“AzerTAJ”: O‘zbekistonda neft-gaz sohasini rivojlantirishga oid
ustuvor vazifalar belgilandi

Ozarbayjon davlat axborot agentligi “AzerTAJ” O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida neft-gaz sohasidagi holatga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazilganiga e’tibor qaratdi.
Qayd etilishicha, davlat rahbariga “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatining joriy yil birinchi yarim yilligidagi faoliyati hamda yilning qolgan qismi uchun belgilangan ustuvor vazifalar yuzasidan axborot berilgan.
Nashrga ko‘ra, joriy yil dastlabki olti oyida kompaniya 11,5 milliard kub/metr tabiiy gaz ishlab chiqargan. Shuningdek neft, dizel yonilg‘isi, aviatsiya kerosini va suyultirilgan gaz tayyorlash miqdori rejadagi ko‘rsatkichdan oshgan. Yil yakuniga qadar 1,1 million tonna avtomobil benzini, 983 000 tonna dizel yonilg‘isi, 310 000 tonna aviatsiya yonilg‘isi, 606 000 tonna suyultirilgan gaz hamda qariyb 1,18 million tonna sun’iy mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Agentlik yozishicha, geosiyosiy vaziyat sabab Markaziy Osiyo orqali havo qatnovi soni ortib bormoqda. Shu munosabat bilan joriy yil iyul-dekabr oylarida aviatsiya yonilg‘isiga talab 375 000 tonnaga yetishi, bu o‘tgan yil shu davrga nisbatan 27 foiz ko‘p ekani ta’kidlangan.
“BelTA”: Belarus va O‘zbekiston yaqin istiqbolga mo‘ljallangan qo‘shma tadbirlar rejasini muhokama qildi

Belarus davlat axborot agentligi – “BelTA” xabar berishicha, ushbu mamlakat tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Pavel Utyupin hamda respublikamizning Belarusdagi Favqulodda va muxtor Elchisi Nuriddin Mamajonov uchrashuvida ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikka doir dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Maqolada qayd etilishicha, tomonlar Belarus – O‘zbekiston munosabatining savdo-iqtisodiy, gumanitar va hududlararo hamkorlik yo‘nalishidagi bugungi holati yuzasidan fikr almashgan. Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 8-9-iyul kunlari Belarusga amalga oshirgan davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosiga alohida e’tibor qaratilgan.
“Sinxua”: Ujun shahri O‘zbekistonga 1700 bosh qoramol yetkazdi

Xitoyning “Sinxua” axborot agentligi ma’lum qilishicha, Ninsya-Xuey muxtor tumani Ujun shahri noyabr oyidan buyon O‘zbekistonga 1700 bosh qoramol jo‘natgan. Jonivorlarning asosiy qismini sut beradigan sigirlar tashkil etadi.
Maqolada ta’kidlanishicha, eksport qilingan barcha chorva mollari veterinariya-sanitariya talabiga to‘liq javob beradi. Har bir hayvon dezinfeksiya, emlash va karantindan o‘tganini tasdiqlovchi hujjat bilan ta’minlangan.
Qayd etilishicha, Ujun qoramollari yuqori mahsuldorligi, genetik salohiyati va Markaziy Osiyo iqlim sharoitiga yaxshi moslashuvchanligi bilan ajralib turadi.
Italpress: Toshkent modernistik me’morchiligi YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritildi

Italiyaning “Italpress” axborot agentligi yozishicha, Toshkentning modernistik me’morchiligi rasman YUNESKO Jahon merosi ro‘yxatiga kiritildi. Mazkur qaror Busan shahrida bo‘lib o‘tayotgan Jahon merosi qo‘mitasi 48-sessiyasida qabul qilingan. Ro‘yxatga kiritilgan, 1960-90 yillar oralig‘ida barpo etilgan o‘nta bino va me’morchilik majmuasi 1966-yilgi zilziladan keyin Toshkentning qayta tiklanishi va shaharsozlik taraqqiyoti muhim namunasi sifatida e’tirof etilgan.
Qayd etilishicha, mazkur qaror O‘zbekistonda madaniy merosni asrash va xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga qaratilgan davlat siyosatining muhim natijasidir. Muallif Prezident Shavkat Mirziyoyev madaniyat va tarixiy-me’moriy meros milliy o‘zlikni mustahkamlash hamda xalqaro muloqotni rivojlantirishning muhim omili ekanini bir necha bor ta’kidlaganiga ham urg‘u bergan.
Dilshod Hakimov, O‘zA