Axborot hamkorlarimiz nigohida – Yangi O‘zbekiston
Mazkur ruknda O‘zAning xorijiy axborot hamkorlari sahifalarida e’lon qilinayotgan Yangi O‘zbekistonga oid xabarlar, kuzatuv va baholar berib borilmoqda. Bu jarayon nafaqat chet el media vakillari nuqtai nazarini, balki o‘lkamiz haqidagi haqqoniy tashqi qarashlarni ham umumlashtiradi. Shu tariqa mamlakatimizning taraqqiyot yo‘li, ochiq siyosati va islohotlari xalqaro axborot makonida qanday tahlil qilinayotgani haqida muayyan tasavvur hosil qilish mumkin.
“BelTA”: Belarus va O‘zbekiston: tarixiy do‘stlik XXI asrning texnologik sherikligiga aylanmoqda

Belarus Respublikasining “BelTA” axborot agentligi qayd etishicha, Belarus va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar tarixiy do‘stlikka tayanib, bugungi kunda zamonaviy texnologik va sanoat hamkorligi bosqichiga ko‘tarilmoqda. Muallif yozishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 8–9-iyul kunlari ushbu o‘lkaga amalga oshirayotgan rasmiy tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikka yangi sur’at bag‘ishlashi kutilmoqda.
Ta’kidlanishicha, Belarus va O‘zbekistonni Ikkinchi jahon urushi yillarida shakllangan tarixiy rishtalar, o‘zaro ishonch va siyosiy muloqot birlashtirib turadi. Bugun bu hamkorlik savdo munosabatlaridan tashqari, qo‘shma ishlab chiqarish, sanoat kooperatsiyasi, investitsiyalar, raqamli texnologiyalar, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi va turizm kabi sohalarni qamrab olgan.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi o‘n yil ichida ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 13 barobar, xizmatlar savdosi esa 30 barobar oshgan. 2025-yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb 855 million dollarni tashkil etgan bo‘lib, tomonlar yaqin yillarda bu ko‘rsatkichni 2 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan.
Shuningdek, maqolada O‘zbekiston Belarus uchun Markaziy Osiyo va Afg‘oniston bozorlariga chiqishda muhim hamkor sifatida baholangan, Belarus esa O‘zbekistonga muhandislik yechimlari, sanoat texnologiyalari va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega ishlab chiqarish tajribasini taklif etayotgani ta’kidlangan.
“Anadolu”: O‘zbekistonda Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi bo‘lib o‘tmoqda

Turkiyaning “Anadolu” axborot agentligi ma’lum qilishicha, Toshkent shahrida “Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” mavzusida I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi o‘z ishini boshladi.
Ushbu nufuzli anjuman ochilishida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning forum ishtirokchilariga yo‘llagan murojaati o‘qib eshittirildi. Davlat rahbari bugungi dunyo mojarolar, ekstremizm, murosasizlik va islomofobiya kabi jiddiy tahdidlarga duch kelayotganini ta’kidlab, bunday muammolarga qarshi eng samarali yo‘l ilm-fan, ta’lim, madaniyat va yuksak ma’naviy qadriyatlar ekanini qayd etgan.
Maqola muallifi yozishicha, Prezident Mirziyoyev 2017-yilda BMT Bosh Assambleyasida ilgari surilgan “Jaholatga qarshi – ma’rifat” tashabbusi bugun ham o‘z ahamiyatini saqlab qolayotganini ta’kidlagan. Shuningdek, Markaziy Osiyo insoniyat sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan allomalar yurti ekani, Muhammad al-Xorazmiy, Ahmad al-Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy kabi buyuk zotlar merosi butun insoniyatning umumiy boyligi ekani alohida tilga olingan.
Umuman olganda, nashr Toshkentda boshlangan I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi O‘zbekistonning boy ma’naviy-ilmiy merosini xalqaro maydonda keng targ‘ib etish, bag‘rikenglik, ma’rifat va dinlararo muloqot g‘oyalarini ilgari surishda muhim platforma sifatida baholagan. Shuningdek, “Anadolu” mazkur forum Yangi O‘zbekistonning ma’naviy merosni asrab-avaylash va uni global miqyosda targ‘ib etishga qaratilgan ochiq siyosatining amaliy ifodasi ekanini ta’kidlagan.
“Yonhap”: O‘zbekiston – Gruziya hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarilmoqda – savdo, logistika va investitsiya yo‘nalishlarida keng imkoniyatlar

Janubiy Koreyaning “Yonhap” axborot agentligi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Gruziyaga amalga oshirgan davlat tashrifi haqida tahliliy maqola e’lon qildi.
Xabarga ko‘ra, mazkur tashrif O‘zbekiston yetakchisining Gruziyaga so‘nggi 23 yildagi ilk davlat tashrifi bo‘lib, u Gruziya Bosh vazirining 2025-yil mart oyida O‘zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifiga javob tashrifi hisoblanadi.
Agentlikning xabar berishicha, Tbilisi shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev Gruziya Prezidenti Mixail Kavelashvili hamda Bosh vazir Irakliy Kobaxidze bilan uchrashib, ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan bir qator hujjatlarni imzoladi.
Maqolada qayd etilishicha, O‘zbekiston yaqin vaqt ichida Tbilisi shahrida o‘z elchixonasini ochishni rejalashtirmoqda. Shu vaqtgacha mamlakat Gruziya bilan diplomatik aloqalarni Bokudagi elchixonasi orqali amalga oshirib kelgan.
Tomonlar o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 2025-yildagi 270 million AQSH dollaridan yaqin istiqbolda 1 milliard AQSH dollariga yetkazishni maqsad qilgan. Muzokaralarning asosiy mavzularidan biri transport va temir yo‘l logistikasi bo‘ldi. Xususan, “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li” loyihasini Gruziyaning Poti shahridagi Qora dengiz porti infratuzilmasi bilan bog‘lash imkoniyatlari muhokama qilindi. Bu tashabbus Markaziy Osiyoni Yevropa bilan bog‘laydigan yangi transport yo‘laklarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlangan.
Shuningdek, ikki mamlakat qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, energetika, farmatsevtika, oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish va turizm sohalarida hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, yangi investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida qo‘shma investitsiya jamg‘armasini tashkil etish niyatini bildirgan.
Nashr bu tashrifni mamlakatning tashqi iqtisodiy aloqalarini diversifikatsiya qilish, Yevropa bozorlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish va mintaqalararo logistika zanjirlaridagi o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan muhim diplomatik qadam sifatida baholagan.
“APP”: O‘zbekiston “yashil” energiya ishlab chiqarish hajmini oshirmoqda

Pokistonning “Associated Press of Pakistan” – APP axborot agentligi yozishicha, O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalari hissasi tobora ortib bormoqda. Agentlikning ma’lum qilishicha, 2026-yil boshidan buyon mamlakatdagi quyosh va shamol elektr stansiyalari jami 6 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqargan.
Xabarga ko‘ra, ushbu hajmning 3,8 milliard kilovatt-soati quyosh elektr stansiyalari, 2,2 milliard kilovatt-soati esa shamol elektr stansiyalari hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu ko‘rsatkich 2025-yilning shu davriga nisbatan 24,3 foizga yuqori bo‘lib, natijada 1,6 milliard kub metr tabiiy gaz tejalgan.
Shuningdek, nashr avvalroq Qozog‘iston, O‘zbekiston va Ozarbayjon 2030-yilga qadar Yevropaga «yashil» elektr energiyasini eksport qilishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotgani haqida xabar berganini eslatgan.
Maqolada 2017–2025-yillar davomida mamlakatdagi gidroelektr stansiyalari soni 36 tadan 100 tagacha, ularning umumiy quvvati esa 1,6 GVtdan 2,4 GVtgacha oshgani ta’kidlangan.
O‘zbekistonda quyosh, shamol va gidroenergetika sohalarida erishilayotgan natijalar o‘lkaning energiya xavfsizligini ta’minlash, tabiiy gaz iste’molini qisqartirish hamda eksport salohiyatini oshirish yo‘lida muhim qadam sifatida baholangan.
“Italpress”: O‘zbekiston va Italiya mehnat migratsiyasi sohasida qonuniy va tizimli hamkorlikni kengaytirmoqda

Italiyaning “Italpress” axborot agentligi xabar berishicha, O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida mehnat migratsiyasi sohasida qonuniy, shaffof va tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yangi imkoniyatlar yaratilmoqda. Bu haqda Italiya – O‘zbekiston Savdo palatasi vitse-prezidenti Marko Farchi agentlikka bergan intervyusida ma’lum qilgan.
Uning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda aholi soni 40 millionga yaqin bo‘lib, uning qariyb 60 foizini 30 yoshgacha bo‘lgan shaxslar tashkil etadi. Mamlakat aholisi har yili taxminan bir million nafarga ortib borayotgani mehnat resurslari salohiyatini yanada oshirmoqda.
Muallifning qayd etishicha, Italiya va O‘zbekiston tomonidan imzolangan mehnat migratsiyasiga oid kelishuv doirasida ikki mamlakat o‘rtasida ishchi kuchi almashinuvi uchun rasmiy muloqot mexanizmi yo‘lga qo‘yilgan. Marko Farchining so‘zlariga ko‘ra, asosiy maqsad – O‘zbekistonning Migratsiya agentligi hamda Italiyadagi ish beruvchilar o‘rtasida sodda, shaffof va ishonchli hamkorlik tizimini shakllantirishdan iborat.
Maqolada Italiyada sog‘liqni saqlash sohasida o‘zbekistonlik mutaxassislarga talab ortayotgani bayon etilgan. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi, logistika va qurilish tarmoqlarida ham o‘zbek ishchi kuchiga qiziqish ortib bormoqda. Marko Farchi O‘zbekiston allaqachon Germaniya, Fransiya va Yaponiya kabi davlatlar bilan mehnat migratsiyasi sohasida muvaffaqiyatli hamkorlik qilayotganini ham ta’kidlagan.
Uning fikricha, O‘zbekiston chet elda ishlash uchun kadrlarni kasbiy va til tayyorgarligidan o‘tkazish tizimini shakllantirgan bo‘lib, jumladan, Italiya tilini sertifikat asosida o‘qitish dasturlari ham yo‘lga qo‘yilgan. Shu bilan birga, Italiyaning uchta oliy ta’lim muassasasi O‘zbekistonda filiallar ochgani ikki mamlakat o‘rtasidagi ta’lim hamkorligini yanada mustahkamlayotgani qayd etilgan.
“Kabar”: O‘zbekiston 2027-yil oxiriga qadar poyabzal eksporti hajmini oshirishni maqsad qilgan

Qirg‘iz Respublikasining “Kabar” davlat axborot agentligi yozishicha, O‘zbekiston hukumati charm-poyabzal sanoatini jadal rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan keng qamrovli ishlarni amalga oshirmoqda.
Agentlikning xabar berishicha, o‘lka 2027-yil oxiriga qadar poyabzal eksportini 150 million AQSH dollariga yetkazishni maqsad qilgan. 2026-yil 1-iyuldan 2029-yil 1-iyulga qadar O‘zbekistonda teri va jun xomashyosini yig‘ish bilan shug‘ullanuvchi korxonalar foyda, mol-mulk, yer va aylanma soliqlaridan ozod etiladi. Shuningdek, ularning aylanma mablag‘lari uchun olingan kreditlar bo‘yicha foiz to‘lovlarining bir qismi davlat tomonidan qoplab beriladi.
Maqolaga ko‘ra, tayyor charm mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga har bir kvadrat detsimetr mahsulot uchun moliyaviy ko‘mak ajratiladi. Poyabzal va charm buyumlari ishlab chiqaruvchilar esa ishlab chiqarishga joriy etilgan har bir yangi mahsulot modeli uchun subsidiya olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, poyabzal qoliplari va maxsus jihozlarni import qilish, firmaviy savdo tarmoqlarini kengaytirish xarajatlarining bir qismi davlat tomonidan qoplanadi.
Muallifning yozishicha, joriy yil 1-sentabrdan boshlab mahalliy xomashyodan keng foydalanuvchi, yangi ish o‘rinlari yaratuvchi va o‘z brendiga ega charm sanoati korxonalari davlat xaridlarida 15 foizgacha narx ustunligiga ega bo‘ladi.
“Sinxua”: O‘zbekiston ekologik barqarorlikni mustahkamlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirmoqda

Xitoyning “Sinxua” axborot agentligi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatda cho‘llanishga qarshi kurash, cho‘l hududlaridan samarali foydalanish va «yashil shahar» tamoyillarini joriy etishga qaratilgan 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan kompleks strategiyani tasdiqlagani haqida maqola chop etdi.
Ta’kidlanishicha, 2025-yilga kelib o‘lkada ko‘kalamzorlashtirish darajasi 14,3 foizga yetkazilgan. Bu ko‘rsatkich 2020-yildagi 8 foizga nisbatan sezilarli o‘sishni ko‘rsatadi. Bunda xususan, Orol dengizining qurib qolgan tubida 2 million gektardan ortiq maydonda o‘rmonzorlar barpo etilgani muhim ahamiyat kasb etgan.
Qabul qilingan strategiya doirasida 1,27 million gektar maydonda o‘rmonlarni tiklash, shuningdek, «cho‘l iqtisodiyoti» konsepsiyasini rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Mazkur yondashuv qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklar yetishtirish, sho‘rga chidamli (galofit) o‘simliklarni ko‘paytirish hamda yaylov chorvachiligini rivojlantirish orqali yangi daromad manbalarini yaratishni nazarda tutadi.
Agentlik qayd etishicha, strategiya doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida ekologik hamkorlikni kuchaytirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, mintaqaviy ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatini kengaytirish, «Yashil qalqon» dasturi doirasida qo‘shma loyihalar sonini oshirish va 2040-yilgacha mo‘ljallangan mintaqaviy strategiya ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Maqolada shuningdek, shaharsozlik sohasida amalga oshirilayotgan “Yashil Samarqand” pilot loyihasi haqida ham so‘z yuritilgan. Loyiha doirasida 2030-yilga qadar Samarqand shahrida havo ifloslanishini ikki barobar kamaytirish, jamoat transportini elektr energiyasiga o‘tkazish, shahar atrofida uzunligi 102,7 kilometr bo‘lgan yashil himoya hududi yaratish hamda ekologik xavfi yuqori bo‘lgan yirik sanoat korxonalarini shahar tashqarisiga ko‘chirish rejalashtirilgan.
E’tiborlisi, nashr respublikamizda o‘rmonzorlarni kengaytirish, «yashil» iqtisodiyot tamoyillarini joriy etish va ekologik shahar muhitini shakllantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratgan.
O‘tkir Alimov, O‘zA