Avval o‘rganishadi, keyin o‘rgatishadi
Samarqand shahrida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan BMTning Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) hamda Islom taraqqiyot banki bilan hamkorlikda maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagoglarining uzluksiz kasbiy rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan milliy trenerlar va trener-mentorlar uchun mintaqaviy trening boshlandi.
Unda Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida faoliyat yuritayotgan 30 nafar milliy trener va trener-mentor ishtirok etmoqda.
Tadbir avvalida Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Rustam Yo‘ldoshev, YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ta’lim bo‘yicha rahbari Alberto Biancoli so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda yurtimizda maktabgacha ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va uning natijalariga alohida to‘xtalib o‘tishdi. Shuningdek, sohani yanada rivojlantirish, ta’lim-tarbiya sifatini oshirish va pedagoglarning kasbiy salohiyatini yuksaltirishda tizim xodimlarining mas’uliyati muhim ekanini ta’kidlab, bunda trening davomida o‘zlashtiriladigan zamonaviy pedagogik yondashuvlarning ta’lim rivojidagi o‘rniga e’tibor qaratishdi.
– Treningning asosiy maqsadi hududlarda faoliyat olib borayotgan mentorlarning kasbiy kompetensiyalarini yanada rivojlantirish, ularning pedagoglarga samarali metodik ko‘mak ko‘rsatish ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda mentorlik jarayonini sifatli tashkil etishga xizmat qiladigan yagona yondashuvlarni shakllantirishdan iborat, – deydi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bo‘lim boshlig‘i Gulbahor Parpiyeva. – Mintaqaviy treningda Samarqanddan 18 nafar, Qashqadaryo viloyatidan 12 nafar mentor-o‘qituvchi ishtirok etmoqda. Ularni bugungi kun talabiga mos zamonaviy yondashuvlar asosida o‘qitish orqali joylarda ta’lim sifatini oshirish ko‘zda tutilgan. Yosh avlodga XXI asr talablariga mos ta’lim-tarbiya berish uchun pedagoglarimiz ushbu talablarga javob berishi kerak.
[gallery-31327]
Bungacha Toshkent shahri va viloyatida faoliyat yuritayotgan mentor-o‘qituvchilar uchun trening tashkil etildi. Ular to‘plagan tajribalari, zamonaviy bilimlarini bugungi kunda o‘z hududlarida kaskad usulida o‘qituvchilarga yetkazishda. Bugungi trening ishtirokchilari ham o‘quv davomida egallagan bilimlarini joylarda pedagoglarga batafsil yetkazib, joylarda zamon talabiga mos ta’lim jarayonlarini tashkil etishga hissa qo‘shadi.
Treningda nazariy bilimlar bilan bir qatorda amaliy topshiriqlar, vaziyatli mashqlar va real mentorlik jarayonlariga yaqin ssenariylar asosida ishlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad pedagoglarning bugungi hozirjavob avlodga munosib o‘qituvchi qilib tayyorlashdan iborat.
Uch kunlik treningning har bir kuni uchun alohida dastur belgilangan bo‘lib, mentor-o‘qituvchi nazoratchi emas, balki pedagoglarimizning yaqin ko‘makchisi bo‘lishi kerakligi aniq misollar, amaliy mashg‘ulotlar davomida tushuntiriladi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari