Avtotransport o‘quv majmuasi faoliyat boshladi
Zarafshon shahrida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida Navoiy kon-metallurgiya kombinati bo‘linmalarida faoliyat olib borayotgan kon-transport texnika vositalari haydovchilari, xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar, mutaxassis va muhandislarning malakasini oshirishga mo‘ljallangan zamonaviy Avtotransport o‘quv majmuasi foydalanishga topshirildi.
Mazkur o‘quv majmuasining ochilishida “NKMK” AJ Boshqaruvi raisi – Bosh direktori Quvondiq Sanaqulov ishtirok etib, kombinatda transport sohasini rivojlantirish, korxona bo‘linmalarida foydalanilayotgan og‘ir yuk tashuvchi avtoag‘dargichlar va konchilik texnikalari tarkibini muntazam yangilab borish, haydovchilarning zamonaviy avtoag‘dargichlarni boshqarish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.
Ushbu o‘quv majmuani barpo etish, zarur stend va simulyatorlar bilan jihozlash ishlari kombinat tomonidan “Saterpillar”, “Zeppelin International AG”, “IKO Machinery”, “Rudmash Export Service”, “Haul Trucks” kabi kompaniyalar bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Majmuadagi maxsus stendlar, agregat va detallarning ko‘rgazmali maketlari kombinat avtotransport bo‘linmalari mutaxassislari tomonidan tayyorlandi.

– Zarafshon shahridagi ilgari tikuv sexi joylashgan bino o‘tgan ikki yil davomida kapital ta’mirlanib, kon-transport texnika vositalari haydovchilari, xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar, mutaxassis va muhandislarning malakasini oshirishga mo‘ljallangan zamonaviy Avtotransport o‘quv majmuasiga aylantirildi, – deydi “NKMK” AJ Transport bo‘yicha direktori Rustam Ergashev. – Majmua “Saterpillar”, “Komatsu” kabi karer avtoag‘dargichlari, “Saterpillar” rusumli zanjirli buldozerlari va frontal yuklagichlarini boshqarishni o‘rgatuvchi zamonaviy simulyatorlar bilan jihozlangan. Bu yerdagi mavjud VR (virtual reallik) trenajyorlari gidravlik nasoslar hamda transmissiya agregatlarini ta’mirlash bo‘yicha xodimlarning mahoratini oshirishga xizmat qiladi. Mashg‘ulotlarni konchilik texnikasi ishlab chiqaruvchilarining maxsus o‘quv kurslarida tayyorgarlikdan o‘tgan tajribali muhandislar va kombinat avtotransport bo‘linmalarining yuqori malakali mutaxassislari olib boradi.

Simulyatorlar yordamida kon texnikasini boshqarish, ichki yonuv dvigatellari, elektr tizimi jihozlari, transmissiya va gidravlik tizim uskunalari yo‘nalishlarida amaliy mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Majmuada nazariy ta’lim va amaliy mashg‘ulotlar olib borish uchun maxsus sinf xonalari, imtihon zali, shinam yotoqxona, oshxona va xo‘jalik xonalari mavjud.




Foydalanishga topshirilgan mazkur Avtotransport o‘quv majmuasining sinf xonalari interaktiv doskalar, noutbuklar, proyektorlar, suv sovutgichlari, konditsionerlar va zamonaviy mebellar, imtihon xonasi esa test sinovlari uchun maxsus kompyuterlar bilan to‘liq jihozlangan. Ushbu majmuada kombinatning barcha bo‘linmalari xodimlari uchun tizimli ravishda o‘quv kurslari tashkil etiladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri