Avtoblogerlar bilan ochiq muloqot qilindi
Yoshlar ijod saroyida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamda Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati hamkorligida “Yo‘lovchi” loyihasi doirasida avtoblogerlar ishtirokida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Davlat tashkilotlari vakillari, soha ekspertlari hamda millionlab kuzatuvchilarga ega media ijodkorlarini bir davraga jamlagan ushbu uchrashuvda transport sohasidagi eng og‘riqli muammolar va ularning zamonaviy yechimlari atroflicha muhokama qilindi.

Jumladan, uchrashuv davomida yurtimizda sodir bo‘layotgan yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, haydovchi va piyodalarning yo‘l harakatidagi mas’uliyatini oshirish, ayniqsa, yoshlar orasida zamonaviy va yuksak yo‘l madaniyatini shakllantirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, avtoblogerlar tomonidan yo‘l harakati xavfsizligini keng targ‘ib etish, jamoatchilik e’tiborini dolzarb muammolarga qaratish hamda foydali va ta’sirchan kontentlar orqali aholining huquqiy va yo‘l madaniyatini oshirish yuzasidan taklif va tashabbuslar bildirildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA