Avlodlar yodi, xotirasi mangu barhayot
9 may – Xotira va qadrlash kuni Toshkent viloyatida ham keng nishonlandi. Bayram tadbirlari Nurafshon shahridagi Motamsaro ona haykali poyiga gul qo‘yish bilan boshlandi. Shu munosabat bilan faxriy qorovul saf tortdi. Harbiy orkestr musiqa sadolari ostida Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev va viloyat hokimligi, hududdagi harbiy tuzilmalar va huquq-tartibot idoralari rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari, nuroniylar va yoshlar, davlat va jamoat tashkilotlaridan iborat guruhlar Vatanimiz tinchligi va farovon hayotimiz shukronasiga samimiy hurmat bajo keltirdi.
Ikkinchi jahon urushiga Toshkent viloyatidan jami 121 ming 969 nafar kishi ketgan. Ularning 22 ming 617 nafari halok bo‘lgan. 19 ming 367 nafar o‘g‘lonlar bedarak yo‘qolgan. Bular onalar yuragining bir parchasi, otalarning g‘ururi, kelinlarning ori, elning alp bahodirlari, vatan tayanchi edi.

Hamon oramizda qanchadan-qancha urush qatnashchilari, front ortida mehnat qilganlar bor. O‘tganlarni xotirlash, safimizda yurganlarning esa qadriga yetish kerak.
– Shunday lahzalarda Vatanimiz tinchligi va Mustaqilligimizning qanchalar muqaddas ekani har bir inson ko‘nglidan yana bir bor o‘tgan bo‘lsa ajab emas, — deydi O‘zbekiston Xalq shoiri, senator Mahmud Toir. — Ta’kidlash lozimki, inson qadri, xotira kabi abadiy va boqiy tushunchalar bilan yo‘g‘rilgan bunday tadbir va marosimlar katta ma’rifiy mazmunga ham egadir. Buni joylarda o‘tkazilayotgan uch avlod uchrashuvlari, faxriylar xonadonlarida tashkil etilgan bayram tadbirlarida yaqqol his etish mumkin.

Tadbir davomida hudud aholisi, keksalar va yoshlar ham bugungi sharafli bayramda faol qatnashdi. Yangiyo‘l shahar hokimligi, shahardagi korxona, muassasa xodimlari, yoshlar, nuroniy otaxonlar, Afg‘on urushi qatnashchilari va keng jamoatchilik vakillari tomonidan Motamsaro ona haykali poyiga gulchambarlar qo‘yilib, Ikkinchi jahon urushida jon fido qilgan yurtdoshlarimiz xotirasiga hurmat ko‘rsatildi.

Qayd etish joizki bugungi kunda viloyatda jami 32 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi yashaydi. Bayram arafasida viloyat hokimi ularning xonadonlarida bo‘lib, davlatimiz rahbarining tabrigini o‘qib eshittirdi hamda bir martalik pul mukofoti hamda esdalik sovg‘alarini topshirdi.
A.Musayev,
O‘zA muxbiri