Avgust oyida iste’mol sektoridagi tovarlar narxlari 0,2 foizga oshdi
O‘zbekistonda iste’mol bozorida narxlar o‘sishi avgust oyida nisbatan sekinlashdi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil avgust oyida iste’mol sektoridagi tovarlar va xizmatlar narxlari o‘rtacha 0,2 foizga oshgan.
E’tiborli jihati shundaki, yillik iste’mol narxlari indeksi 6,2 foizni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2025-yil avgust oyidagi 8,8 foizga nisbatan 2,6 foiz bandga past. Demak, bir yil davomida inflyatsion bosim sezilarli darajada yumshagan. Avgust oyida narxlar o‘sishida oziq-ovqat mahsulotlari yetakchi omil bo‘ldi. Ushbu guruhda narxlar o‘rtacha 0,4 foizga oshgan. Nooziq-ovqat tovarlari 0,2 foizga, aholiga ko‘rsatiladigan pullik xizmatlar esa 0,1 foizga qimmatlashgan.
Oziq-ovqat segmentida ayrim mahsulotlar narxining keskin oshishi umumiy inflyatsiya ko‘rsatkichiga ta’sir qildi. Jumladan, sabzi 9,2 foiz, tarvuz 7,5 foiz, piyoz 6,2 foiz, uzun boshoqli guruch 2,4 foiz va yumaloq boshoqli guruch 2,3 foizga qimmatlagan. Biroq bozordagi barcha mahsulotlar narxi birdek oshmagan. Ayrim meva-sabzavotlar arzonlashib, inflyatsiyani jilovlashtiruvchi omilga aylangan. Xususan, uzum narxi 10,9 foiz, bulg‘or qalampiri 9,2 foiz, olma 7,2 foiz, nok 6 foiz, baqlajon 5,5 foiz, karam 4,9 foiz va kartoshka 3,3 foizga pasaygan.
Bu holat mavsumiy omillarning iste’mol bozoridagi narx shakllanishiga ta’siri hali ham yuqori ekanini ko‘rsatadi. Ya’ni ayrim mahsulotlarda hosil va bozor taklifining ko‘payishi narxlarni pasaytirsa, boshqa mahsulotlarda mavsumiy talab yoki taklifdagi o‘zgarishlar aksincha qimmatlashuvga olib kelmoqda. Avgust oyida inflyatsiyaga ta’sir ko‘rsatgan yana bir muhim yo‘nalish — yoqilg‘i bozoriga e’tiboringizni qaratadigan bo‘lsak, AI-98 va AI-100 markali benzin narxi 6,7 foizga, AI-95 benzini 4,9 foizga, AI-92 benzini esa 1,1 foizga oshgan.
Yoqilg‘i narxining o‘sishi iqtisodiyotda kengroq ta’sirga ega bo‘lishi mumkin. Chunki transport xarajatlarining ortishi tovarlarni yetkazib berish, logistika va xizmatlar tannarxiga ta’sir qilib, keyinchalik boshqa segmentlardagi narxlarga ham bosim o‘tkazishi ehtimoldan xoli emas. Xizmatlar sohasida avgust oyida narxlar o‘rtacha 0,1 foizga oshgan. Shu bilan birga, ayrim xizmat turlarida sezilarli qimmatlashuv qayd etilgan. Xususan, xalqaro aviaqatnovlar narxi 1,7 foizga, shaharlararo avtomobil transportida yo‘lovchi tashish 0,6 foizga, ijaraga olingan turar joylar uchun to‘lovlar 0,4 foizga oshgan.
Bu raqamlar xizmatlar sohasidagi umumiy narx o‘sishi hozircha nisbatan past darajada saqlanayotganini ko‘rsatsa-da, transport va ijara kabi aholi xarajatlarida muhim o‘rin tutadigan yo‘nalishlarda qimmatlashuv davom etayotganini anglatadi. Inflyatsiya ko‘rsatkichlarini shakllantirish uchun avgust oyida 10 mingdan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtasidan 2 milliondan ziyod narxlar qayd etilgan. Kuzatuvlar doirasida 419 turdagi oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari hamda 98 turdagi xizmatlar qamrab olingan.
Bu keng qamrovli monitoring iste’mol bozoridagi narx o‘zgarishlarini aniqroq baholash va inflyatsiyaning qaysi tarmoqlar hisobiga shakllanayotganini aniqlash imkonini beradi.
Avgust oyidagi 0,2 foizlik oylik o‘sish va 6,2 foizlik yillik inflyatsiya ko‘rsatkichi narxlar barqarorlashuvi yo‘lida ijobiy tendensiya shakllanayotganini ko‘rsatadi. Ayniqsa, yillik inflyatsiyaning bir yilda 8,8 foizdan 6,2 foizga tushishi makroiqtisodiy nuqtai nazardan muhim natija.
Biroq ayrim oziq-ovqat mahsulotlari, benzin, transport va ijara narxlarining o‘sishi inflyatsiya xavfi hali to‘liq bartaraf etilmaganini ko‘rsatadi. Shu sababli kelgusi oylarda narxlar dinamikasida oziq-ovqat bozoridagi taklif, yoqilg‘i narxlari, logistika xarajatlari va xizmatlar tariflari asosiy kuzatilishi lozim bo‘lgan omillar bo‘lib qoladi. Umuman, avgust oyi statistikasi O‘zbekistonda inflyatsiya sur’ati pasayib borayotganini ko‘rsatmoqda. Ammo aholi kundalik iste’molida muhim o‘rin tutadigan ayrim mahsulotlar va xizmatlar qimmatlashi inflyatsiyaning aholi farovonligiga ta’sirini doimiy monitoring qilish zarurligini ko‘rsatadi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA