Attila Charnai: TDT – qardosh xalqlar muloqoti maydoni
Jahon ommaviy axborot vositalari Ozarbayjonda bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlari kengashining 12-sammiti yakunlarini qizg‘in muhokama qilmoqda. Jumladan, vengriyalik siyosiy-tahlilchi, jurnalist Attila Charnai ham voqeaga munosabat bildirdi:
– Gabala shahrida bo‘lib o‘tgan TDT sammiti turkiy dunyo davlatlari hamkorligini rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamdir. 2018 yildan buyon ushbu tashkilotda kuzatuvchi maqomiga ega Vengriya uchun ham Gabaladagi yig‘ilish alohida ahamiyat kasb etadi.
Markaziy Osiyodan nisbatan uzoq joylashganiga qaramay, mamlakatimiz turkiy davlatlar bilan tarixiy va madaniy ildizlarga ega aloqalarni mustahkamlab kelmoqda. Shu nuqtai nazardan navbatdagi anjuman siyosiy muloqot, iqtisodiy sheriklik va energetika sohalaridagi imkoniyatlarimizni kengaytiradi.
Global o‘zgarishlar beqarorlik sharoitida Budapesht turkiy xalqlar bilan qo‘shma loyihalarda ishtirok etishni Yevropa Ittifoqi, Rossiya va Sharq bilan munosabatni muvozanatlash imkonini beruvchi ko‘p vektorli tashqi siyosat elementi sifatida ko‘radi.
Masalan, Vengriya TDTning gumanitar va ta’lim sohasidagi tashabbuslarini faol qo‘llab-quvvatlamoqda. Umumiy transport va logistika tizimini takomillashtirish, energetika sohasini rivojlantirishga intiladi.
Bu galgi sammit mintaqaviy muloqot va a’zo hamda kuzatuvchi davlatlar o‘rtasida o‘zaro anglashuvni mustahkamlash uchun muhim maydon sifatida turkiy xalqlar umumiy hududining xalqaro ahamiyati ortib borayotganini tasdiqladi.
Davlatimiz uchun mazkur formatda ishtirok etish shunchaki diplomatik ishora emas, balki strategik tanlov ham hisoblanadi. Aniqrog‘i, Vengriyaning Yevropa va turkiy dunyo o‘rtasida ko‘prikka aylanish istagini ifodalaydi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA