Attestatsiya va kasbiy sertifikatlash sinovlari uchun to‘lov miqdori 50 foizga kamaytirildi
Pedagog kadrlarni qo‘llab-quvvatlash va ular uchun davlat xizmatlaridan foydalanishni yanada qulay qilish maqsadida attestatsiya hamda kasbiy sertifikatlash sinovlarida ishtirok etish tartibiga muhim o‘zgartirish kiritildi.
Endi navbatdan tashqari attestatsiya va kasbiy sertifikatlash sinovlarida ishtirok etish uchun to‘lanadigan yig‘im miqdori ikki barobarga qisqartirildi.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 16-apreldagi tegishli qaroriga muvofiq, mazkur davlat xizmati uchun undiriladigan yig‘im bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari o‘rniga uning 50 foizi etib belgilandi.
Shuningdek, pedagog kadrlar attestatsiyasining navbatdagi majburiy hamda kasbiy sertifikatlash sinovlarida birinchi marta ishtirok etish bepul amalga oshiriladi.
Pedagoglar murojaatlarni pedagog.uzedu.uz platformasi, Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yuborishlari mumkin.
Ayni paytda kasbiy sertifikatlash sinovlarida ishtirok etish uchun hujjatlar qabuli davom etmoqda va u 31-iyulga qadar davom etadi. Avgust–dekabr oylarida o‘tkaziladigan malaka (test) sinovlari uchun esa qabul 1-avgustdan boshlanishi rejalashtirilgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA