Atrof-muhit muhofazasi – dolzarb masala
Bugungi kunda atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologiya masalasi butun dunyoni tashvishlantirayotgan global hamda dolzarb muammolardan biriga aylangan. Bu kabi muammolarni hal etishning yagona yechimi esa tabiatga oqilona munosabatda bo‘lish, bor imkoniyatlarni ishga solgan holda ko‘kalamzorlashtirishga, yashillikni ko‘paytirishga va “yashil energetika”dan unumli foydalanishdir.
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ Atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi boshlig‘i Xayrulla Baqoyev kombinatda bu borada belgilangan chora-tadbirlar, amalga oshirilayotgan ishlar haqida quyidagilarni gapirib berdi.
– Navoiy kon-metallurgiya kombinati tizimidagi barcha korxonalarda atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik muammolarni hal qilishga alohida e’tibor qaratilgan. 2024 yilda kombinat bo‘linmalarida atmosfera havosini muhofaza qilish maqsadida 9 dona samaradorligi yuqori bo‘lgan chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatilgan bo‘lsa, joriy yilda ana shunday uskunalarda 10 donasini o‘rnatish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, joriy yilda 2 dona atmosfera havosini ifloslantirish manbalaridan namunalar olish va tahlil qilish bo‘yicha avtomatik stansiya o‘rnatish mo‘ljallangan bo‘lib, bu atmosfera havosiga tashlanadigan ifloslantiruvchi moddalarning kamayishi va ekologik holatni yaxshilanishini ta’minlaydi.
Kombinatda bioxilma-xillikni muhofaza qilish maqsadida ham keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, yashil hududlarni ko‘paytirish uchun barcha bo‘linmalarda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2024 yilda 174,7 gektardan ortiq maydonlarga jami 460 ming tupdan ortiq, 2025 yilda esa bahor va kuz mavsumida 463 ming tup mevali, manzarali va buta ko‘chatlari ekish rejalashtirilgan bo‘lib, kombinat tarkibiy bo‘linmalari tomonidan o‘zlarining tutash hududlarida joriy yilning bahor mavsumida 300 ming tupdan ortiq ko‘chatlar ekildi.
Yana bir muhim tashabbuslardan biri kombinatimiz tomonidan joriy yilning bahor va kuz mavsumida 105 gektar yer maydonida “Yashil belbog‘”lar barpo etish belgilangan. Joriy yilning bahor mavsumida Karmana tumani xalqaro M-37 avtomobil yo‘lining himoya hududida kombinat tomonidan 40,6 ga yer maydonda 65 ming tupdan ortiq manzarali ko‘chatlar ekildi. “Yashil belbog‘”larni tashkil etishdan asosiy maqsad esa mamlakatimizda yashillik darajasini oshirish, kelajak avlodga munosib ekologik sharoit yaratishdir.
Bundan tashqari, tizimda ishlab chiqarish chiqindilari hisobi yuritilib, ularni pasportlash, chiqindilar ko‘mib tashlanadigan va utilizatsiya qilinadigan joylarning kadastri yuritilib borilmoqda. Bugungi kunda yaroqsiz avtomobil shinalari kombinatda qayta ishlanib, piroliz yoqilg‘isi, ikkilamchi mahsulot sifatida metallolom hamda texnik uglerod olinmoqda. Hosil bo‘lgan qora va rangli metall chiqindilari Navoiy mashinasozlik zavodi, ishlatilgan moylar Angren shahridagi “Uz prista reccyling” korxonasiga qayta ishlash uchun yuborilmoqda.
Kombinat korxonalarida yashil iqtisodiyot va yashil energiya orqali atrof-muhitni muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, 2024 yilda jami 5700 kVt quvvatli bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalari o‘rnatildi. 2025 yilda esa “Qizilqum” kon boshqarmasiga qarashli 1-son hamda 6-son GMZlarida 1200 va 2300 kVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyalari, shuningdek, Shimoliy kon boshqarmasiga qarashli Turbay konida 1500 kVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyalari o‘rnatiladi.
Suhbatni O‘zA muxbiri A.Bo‘riyev yozib oldi