Atrof-muhit muhofazasi doimo e’tiborda
Buxoro viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan 5 iyun – Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni munosabati bilan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Murodjon Umarovning ta’kidlashicha, 2021 yil va joriy yil sohani tubdan takomillashtirish maqsadida davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan bir qator farmon va qarorlar qabul qilindi. Joriy yil fevral oyida ekologiya sohasida alohida videoselektor o‘tkazilib, bir qator topshiriq va vazifalar berildi. Mazkur hujjatlar, topshiriqlar ijrosi doirasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
[gallery-7418]
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Buxoro viloyati hokimligi, tuman (shahar) hokimliklari, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, viloyat O‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi va barcha tegishli tashkilotlar bilan birgalikda hududlarda 15 million 469 dona manzarali, mevali daraxt ko‘chati ekilishi rejalashtirildi. Ko‘chatlar ekish rejasi 101 foizga bajarildi. Ushbu loyiha doirasida ekilgan daraxt ko‘chatlarini sug‘orish, agrotexnik tadbirlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, daraxtlarni noqonuniy kesib ketilishi, shikastlantirilishi va payhon qilinishi yuzasidan huquqbuzarliklar aniqlanib, amaldagi qonunchilik asosida chora ko‘rilyapti.
Anjumanda jurnalist va blogerlarni qiziqtirgan savollariga soha mutasaddilari tomonidan batafsil javob berildi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA