”Atour” mehmonxonasi ishga tushdi
So‘nggi yillarda yurtimizda iqtisodiyotning asosiy yo‘nalishlaridan biri sanalgan turizm sohasini jadal rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Buning natijasida Namanganga sayyohlar oqimi sezilarli darajada ortmoqda. Bu o‘z navbatida sayyohlar uchun zamonaviy mehmonxonalarga bo‘lgan talabni oshiradi.
Davlatobod tumanida muhtasham turizm infratuzilma ob’ekti sanalgan “Atour” uch yulduzli mehmonxonasi foydalanishga topshirildi. Uning tantanali ochilish marosimida viloyat sektorlari rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari, tuman faollari va nuroniylar ishtirok etdi.
Tadbirda Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov gullar bayramining o‘tgan 14 kuni davomida viloyatga jami 4,2 millionga yaqin sayyoh kelganligi, xususan 60 ga yaqin davlatdan 170 mingdan ziyod turist tashrif buyurgani, bunday mehmonxonalar turizm rivojida muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
Tadbirkor Abdurahmon Habibullayev rahbarligidagi “Global Busines Center” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 3 million AQSH dollari evaziga barpo etilgan yangi zamonaviy mehmonxona 150 o‘ringa mo‘ljallangan. Buning natijasida 60 ta yangi ish o‘rni yaratilib, ularga xorijiy tillarni mukammal biladigan, mehmonlarga sifatli xizmat ko‘rsatadigan malakali kadrlar ishga qabul qilindi.
Mehmonxonada kelgusida alohida sport zali, sauna va mini-futbol maydonchasi barpo etish rejalashtirilgan. E’tiborlisi, yangi maskan Namangan xalqaro aeroportiga yaqin manzilda joylashgan bo‘lib, yurtimizning boshqa hududlari hamda chet eldan keluvchi sayyohlar uchun qulay.
Qayd etish joizki, Namangan viloyatida bundan uch yil avval mehmonxona, xostel, kemping va oilaviy mehmon uylari kabi 264 ta, 3 ming 660 o‘rinli joylashtirish vositalari bor edi. 2024 yilning 1 may holatiga esa ularning umumiy soni 684 taga, o‘rinlari soni 10 ming 819 taga yetdi.
[gallery-17689]
Viloyatda 2026 yilga qadar turizm yo‘nalishida umumiy qiymati 5,2 trillion so‘mlik 87 ta loyiha manzilli shakllantirilib, ulardan joriy yil yakuniga qadar 1,8 trillion so‘mlik 79 ta istiqbolli loyiha ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat),
O‘zA muxbirlari