“Atirgul” ko‘rik-tanlovi g‘oliblari taqdirlandi
Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tashabbusi bilan xotin-qiz jurnalistlar o‘rtasida o‘tkazilgan «Atirgul» ko‘rik-tanlovi yakunlariga bag‘ishlangan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamkorligida tashkil etildi.
Tanlov g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbirda O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi raisi Shuhrat Oripov, “Atirgul” tanlovi hakamlar hay’ati raisi, “Saodat” jurnali bosh muharriri Munavvara Usmonova mamlakatimizda barcha jabhalarda ayol-qizlarni faol qo‘llab-quvvatlash Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan olib borilayotgan yangilanish jarayonlarida ustuvor ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.

– O‘zbekistonda jurnalistika sohasida ham ayol-qizlar samarali ijod qilmoqda, – dedi Jurnalistlar uyushmasi raisi Shuhrat Oripov. – Ular turli mavzularni teran, tahliliy tarzda yoritishda o‘zlarining munosib hissasini qo‘shmoqda. Uyushma ayol ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlashga oid bir qator ijodiy loyihalarni amalga oshirmoqda. Ulardan biri “Atirgul” tanlovidir. Kelusida bu boradagi loyihalarni yanada ko‘paytirish niyatidamiz.

Taqdirlash marosimida tanlovning 12 ta nominatsiyasi bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib, hakamlar hay’ati tomonidan yuqori baholangan ijodiy ishlari alohida e’tirof etildi. G‘oliblarga diplom va qimmatbaho sovg‘alar tantanali ravishda topshirildi.
Shuningdek, tadbir davomida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasiga yangi qabul qilingan 25 nafar a’zoga a’zolik guvohnomalari tantanali ravishda topshirildi.

– “Atirgul” ko‘rik-tanlovi qayta tiklangani O‘zbekistonda islohotlarning yuzaga chiqayotgani, ya’ni xotin-qizlarning huquqlari himoyalanayotgani, fuqarolik jamiyatining ishi yanada oldinga ilgarilayotgani hamda xotin-qiz jurnalistlarni davlatimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanishining bir dalili bo‘lib hisoblanadi, – dedi tanlov g‘oliblaridan biri, “Vesti Karakalpakstana" gazetasining maxsus muxbiri Halima Xalilayeva. – Gazetamiz 100 yillik tarixga ega. Bugun ustozlarimiz ishini bizlar davom ettirayapmiz. Asosan xotin-qizlar mavzusida ijod qilaman. Ushbu respublika tanlovida g‘olib bo‘lgan barcha kasbdoshlarimga yanada ulkan ijodiy zafarlar tilab qolaman.
– Oddiy chekka qishloqdan kelib, mana shunday jurnalistika sohasida, ayniqsa, ayollar uchun kamyob bo‘lgan fotojurnalistika sohasida bugun e’tirof etildim va “Atirgul” mukofotini qo‘lga kiritdim, – dedi «Yoshlar ovozi» gazetasi muxbiri, “Atirgul” tanlovining «Eng yaxshi fotojurnalistik ish» nominatsiyasi g‘olibi Xolida Musurmonova. – Fotojurnalistika sohasi jurnalistikadagi qiyin sohalardan biri hisoblanadi. Shu faoliyatda anchadan buyon tajriba orttirib, fotojurnalistika sohasida ijod qilib kelmoqdaman va e’tirof etilib, bugungi kunda mana shu mukofotni qo‘lga kiritdim. Umuman izlanishlarim bunday e’tirofga sazovor bo‘lganidan xursandman.

«Atirgul» ko‘rik-tanlovi xotin-qiz jurnalistlarning kasbiy mahorati va ijodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning jurnalistika sohasidagi faoliyati va ijodiy izlanishlarini munosib e’tirof etish, shuningdek, jurnalistika rivojiga qo‘shayotgan hissasini keng targ‘ib qilishga xizmat qiladi.
Mazkur tashabbus jurnalist ayollarning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini yanada kuchaytirish, ularning professional va ijodiy imkoniyatlarini namoyon etishlari uchun yangi maydon yaratish hamda sohaga yangi iste’dodlarni jalb etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
“Atirgul” tanlovi g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir baland, samimiy ruhda o‘tdi.
N.Usmonova,
F.Abdurasulov (suratlar), O‘zA