Atambayevga sud hukmi oʻqildi
Bishkek shahrining Pervomaysk tuman sudi Qirgʻizistonning sobiq prezidenti Almazbek Atambayevni 11 yilu ikki oyga ozodlikdan mahrum qilish hukmini eʼlon qildi.
Bishkek shahrining Pervomaysk tuman sudi Qirgʻizistonning sobiq prezidenti Almazbek Atambayevni 11 yilu ikki oyga ozodlikdan mahrum qilish hukmini eʼlon qildi.
RIA Novostining xabar berishicha, sobiq davlat rahbari jinoyat olamining vakili Aziz Batukayevning noqonuniy ozod qilinishi boʻyicha korrupsiyaga yoʻl qoʻyganlikda aybdor, deb topilgan.
Shuningdek, Atambayev davlat mukofotlaridan va mol-mulkidan ham mahrum qilinadigan boʻldi.
Sud ushbu ishni oʻtgan yilning noyabr oyidan boshlab koʻrishni boshlagan edi, mahkama jarayoni yopiq sharoitda boʻlib oʻtdi. Xabarda taʼkidlanishicha, eks-prezident hukmni eshitishdan va soʻnggi soʻzni aytishdan voz kechgan.
Almazbek Atambayev Qirgʻizistonga 2011-yildan to 2017-yilgacha prezidentlik qildi. U saylov natijasida hokimiyatni oʻz ixtiyori bilan Sooronboy Jeenbekovga topshirdi.
2019-yil iyun oyi oxirida mamlakat parlamenti sobiq prezidentga nisbatan ayblov roʻyxatini tuzib prokuraturaga yuborgandi. Roʻyxatda uning Batukayevni qalbaki tibbiy maʼlumotnoma bilan ozod etganligi boʻyicha ayblov ham bor.
Oʻshanda Atambayevning bankdagi hisobi hibsga olindi. Uni qoʻlga olish uchun qarorgohiga bostirib qirishga toʻgʻri keldi. Maxsus amaliyot natijasida 136 kishi jabr koʻrdi, maxsus topshiriqlar boʻlimining bir askari halok boʻldi.
Respublikaning sobiq rahbari oʻziga nisbatan qoʻyilgan ayblovlarni tuhmat, deb xalq oldida vijdoni toza ekanini taʼkidladi.
2006-yilda Aziz Batukayevga 16 yilga qamoq jazosi tayinlangan edi. U Bishkekdagi qamoqxonalarning birida ommaviy tartibsiziklar tashkil etganlikda ayblandi. Isyon paytida deputat Tinichbek Akmatbayev, jazoni oʻtash bosh boshqarmasi boshligʻi Ikmatulla Polotov va ikki nafar parlament xodimi qurbon boʻldi.
2013-yilda tibbiy komissiya uni saraton kasalligining oxirgi bosqichida, deb qamoqdan chiqarishga qaror qildi. Qamoqdan chiqqandan keyin bir necha soat oʻtgach, u yangi pasport olib mamlakatni tark etdi.
Sud Atambayevni Batukayevning noqonuniy ozodlikka chiqishida aloqador, deb topdi.