Asr vabosiga qarshi kurash davom etmoqda
Sirdaryo viloyati OITSga qarshi kurashish markazi, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi, Yoshlar ishlari agentligining viloyat va hududiy bo‘limi, “Sog‘lom avlod uchun” xayriya jamg‘armasi, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash viloyat boshqarmasi hamkorligida Guliston shahridagi 2-sonli umumta’lim maktabida asr vabosi – OIV/OITS infeksiyasiga qarshi targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
— OIV/OITS infeksiyasining oldini olish va kasallanganlarning hayot sifatini yaxshilash masalasi dolzarbdir, – deydi Sirdaryo viloyati OITSga qarshi kurashish markazi bosh shifokori, tibbiyot fanlari nomzodi Valijon Shermatov. – Bu kunda targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazishdan maqsad butun dunyoda OITSdan aziyat chekayotganlar hayotini yaxshilash va o‘limga olib kelishi mumkin bo‘lgan virusni yo‘q qilish bo‘yicha o‘tkazilayotgan tadqiqotlarga yordam berishdir.

Sirdaryoda ayni vaqtda ushbu turdagi kasallik bilan kasallangan fuqarolar 1402 nafarni tashkil etsa, shundan 65 nafari 15 yoshgacha bo‘lgan bolalardir. Bu kasallikda qonga virus tushgandan so‘ng dastlabki davrlarda odam o‘zini sog‘lom his etadi. Bu holat hattoki 8-10 va undan ko‘p yillargacha davom etishi mumkin. Shundan so‘ng dastlabki klinik belgilari namoyon bo‘la boshlaydi. Sababsiz uzoq davom etuvchi yo‘tal, odamning qisqa vaqt ichida keskin ozib ketishi, haroratning uzoq vaqt sababsiz ko‘tarilishi va ich ketishi (diareya), og‘iz bo‘shlig‘i hamda turli a’zolarning yallig‘lanish belgilari, xavfli o‘smalarning rivojlanishi namoyon bo‘la boshlaydi. Bemorlar OIVning bevosita ta’siridan emas, balki yuqoridagi qo‘shimcha kasalliklarning asoratlari tufayli hayotdan ko‘z yumadi.

Mazkur kasallikka chalinish holatlarini kamaytirish maqsadida Prezidentimizning 2018 yil 22 iyundagi “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik tarqalishiga qarshi kurashish va shifoxona ichki infeksiyalari profilaktikasiga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida aholi orasida keng qamrovli targ‘ibot tadbirlari o‘tkazib borilmoqda. Sirdaryo viloyati OITSga qarshi kurashish markazida ishonch telefoni xizmati, “Do‘stona xona” xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ushbu xizmatlar orqali maxfiy va individual maslahat berish yo‘lga qo‘yilgan.

Bu kabi tadbirlar viloyatning Boyovut tumanidagi 19- va 20-sonli umumta’lim maktablari, Guliston shahridagi "Istiqlol" va "Bo‘ston" mahallalari, Guliston shahridagi harbiy qism, Milliy gvardiyaning Sirdaryo viloyati boshqarmasi, Guliston davlat universiteti, Yangiyer shahridagi akademik litseyda tashkil etildi.
Shuhrat Suyarov,
O‘zA