Asr bilan tengdosh nuroniylar e’zozlandi
Sayxunobod tumanida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan 100 yoshdan oshgan bir guruh nuroniylar holidan xabar olinib, ularga ehtirom ko‘rsatildi.
Umri davomida oilasi, farzandlari va el-yurt ravnaqi uchun mehnat qilgan keksa avlod vakillari bugun ham xonadonlarida duogo‘y, farzand va nabiralariga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib kelayotgan faxriy insonlar sifatida qadrlanadi.
Tuman hokimi Komiljon Mullajanov va tuman prokurori Bekmurod Qurbonov bir asrdan ziyod umr ko‘rgan otaxon va onaxonlarning xonadonlarida bo‘lib, ularning holidan xabar oldilar. Suhbat chog‘ida nuroniylarni Mustaqillik bayrami bilan muborakbod etib, ularga ezgu tilaklar bildirildi.

Tashrif doirasida keksalarga oziq-ovqat mahsulotlari hamda bayram sovg‘alari topshirildi. E’tibor va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan nuroniylar yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik, aholi farovonligi va keyingi yillarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari haqida iliq fikrlar bildirdilar.

— Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin. Farzandlarimiz va nabiralarimiz baxtli hayot kechirsin. Yurtimiz yanada obod bo‘lib, xalqimiz farovonligi yuksalaversin, — deya duo qildilar ular.

Mamlakatimizda keksa avlod vakillariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va munosib turmush sharoitlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar «Inson qadri uchun» tamoyilining hayotdagi amaliy ifodasidir.

Sayxunobod tumanida bir asrdan ziyod umr ko‘rgan nuroniylar holidan xabar olinishi ham ana shu e’tiborning navbatdagi amaliy namunasi bo‘ldi. Zero, keksalarni e’zozlash, ularning duosini olish va hayotiy tajribasini qadrlash xalqimizning azaliy qadriyatlaridan biridir.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri