Asosiy Qonun — huquq va adolat poydevori
Jizzax viloyati ma’muriy sudi tomonidan Pedagogik mahorat markazida “Konstitutsiya — qonun ustuvorligining asosi” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbir qatnashchilari bo‘lmish markaz xodimlari Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati, uning davlat va jamiyat hayotidagi o‘rni haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘ldilar.

Sudyalar o‘z chiqishlarida Asosiy Qonun milliy davlatchiligimiz poydevori ekani, unda belgilangan har bir norma fuqarolar huquq va erkinliklarini ta’minlashga, jamiyatda adolat va qonun ustuvorligini qaror toptirishga xizmat qilishini alohida ta’kidladilar. Shu bilan birga, Konstitutsiyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi, yurtimizdagi islohotlar va yutuqlarning huquqiy asosi sifatidagi ahamiyatiga oid amaliy misollar keltirildi.

Tadbirda Prezident tomonidan ilgari surilgan “Inson qadri uchun” tamoyilini hayotga tatbiq etishda Konstitutsiyaning o‘rni beqiyos ekani qayd etildi. Chunki inson huquqlari, sha’ni va manfaatlarini eng oliy qadriyat sifatida belgilab bergan ushbu hujjat barqaror taraqqiyot va fuqarolar farovonligining asosiy kafolatidir.
Suhbat yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari